MO‘G‘ULISTONGA TASHRIF: SAMARALI KELISHUVLAR VA HAMKORLIKNING YANGI BOSQICHI

Konimex tumani hokimi Ruslan Ro'ziyev, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillaridan iborat delegatsiya Mo‘g‘ulistonning qishloq xo‘jaligi va yengil sanoat vazirligi bilan hamkorlikda chorvachilik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha samarali muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuvda Mo‘g‘ulistonning chorvachilik yo‘nalishidagi tajribasi, mavjud naslli zotlar, ularni O‘zbekistonda ko‘paytirish bo‘yicha iqlim va geografik jihatdan mos hududlar, naslchilik-seleksiyaga oid hamkorlikni kuchaytirish, chorvachilikni rivojlantirish sohasida innovatsion yondashuv asosida chorva zotlarining genofondini yaxshilash, xorijdan keltirilgan naslli chorva zotlarini mahalliylashtirish  masalalarida hamkorlikni yo'lga qo'yish kelishib olindi. Chorvachilik sohasida faoliyat ko‘rsatuvchi tadbirkorlar bilan uchrashuv ham samarali va ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarga boy o'tdi.

Shuningdek, eng asosiy masala - chorva mollarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha Mo‘g‘ulistonning fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Uchrashuvda chorva mollari va mahsulotlarini havo yo‘li orqali O‘zbekistonga olib kelish, transport yo‘lagini yaratish, tirik hayvonlarni olib kelishda logistika imkoniyatlari yuzasidan manfaatli kelishuvlarga erishildi.

Ta'kidlash joizki, joriy yilning  23-26-iyun kunlari Mo‘g‘uliston Prezidenti davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida havo va avtomobil transportida tashishlar to‘g‘risida muhim bitimlar qabul qilinib, ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish belgilangan edi. 

Ijtimoiy tarmoqlar: