- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Bugun Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati rahbari Shohira Raufboyeva rahbarligidagi ishchi guruh tuman va shahar hokimliklari Axborot xizmatlari, shuningdek, ular muassisligidagi gazetalar faoliyati samaradorligini, mavjud kamchiliklar va muammolarni o‘rganish ishlarini Navoiy shahri hokimligidan boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4366-sonli qarorida axborot xizmatlarining zamonaviy moddiy-texnika vositalari, shu jumladan, televizor, foto va video yozib olish vositalari, yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyati, zarur dasturiy mahsulotlar bilan ta’minlanganiga alohida e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlab o‘tilgan.
O‘rganish ishlari davomida Axborot xizmatiga yaratilgan sharoitlar, rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarning yuritilishi, ochiq ma’lumotlarning joylashtirilishi, gazeta faoliyati va unda mavjud muammo va kamchiliklar ko‘rib chiqildi.
Natijalar esa, aytish joizki, qisman qoniqarli emas. Sharoitlar yaratilgan, xizmat rahbari faoliyatini yaxshi tashkillashtirgan, biroq rasmiy veb sayt ma’nan eskirganligi tufayli 2024-yilning boshidan buyon ma’lumotlarni joylashtirishda jiddiy muammolar kelib chiqmoqda. Mutaxassislar tomonidan saytning yangilanishi uchun mablag‘ talab etilishi vaj qilib ko‘rsatildi.
Shahar hokimligi muassisligida chop etiluvchi "Navoiy ziyosi" gazetasi tahririyati faoliyati o‘rganilganda bir qancha muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish, xususan axborot tarqatishda tezkorlik va xolislik, tahliliy-tanqidiy maqolalarni chop etish masalalari ko‘rib chiqildi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar belgilab berildi.
Bugungi kunda davlat va jamiyat o‘rtasida sifatli muloqotni yo‘lga qo‘yish, aholiga islohotlarning maqsadi, vazifalari va natijalari haqida tezkor, xolis va to‘liq axborot yetkazishda axborot xizmatlari va gazetalarning o‘rni to‘g‘risida shahar hokimi Dilmurod Ergashev bilan muloqot qilinib, bugungi kunda axborot xizmati rahbarlari oldiga davlat organlari faoliyati targ‘iboti bilan bog‘liq juda muhim bo‘lgan qator yo‘nalishda vazifalar qo‘yilganligi va barcha hokimlar bunda matbuot kotiblari bilan uyg‘unlikda faoliyat yuritishi muhimligi haqida gaplashildi. Suhbatda mavjud muammolar tez orada yechim topishi lozimligi va amalga oshirish muddatlari belgilandi.
Bu kabi o‘rganish ishlari barcha tuman va shahar hokimliklarida davom etadi.