- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Bugungi kunda deyarli barcha tashkilotlar faoliyatiga ijtimoiy tarmoqlar orqali baho berish mumkindek bo‘lib qoldi. Negaki amalga oshirilgan vazifalar matbuot va axborot xizmatlari tomonidan uzluksiz yoritib boriladi. Biroq ma’lumotni sifatli, tezkor va xolisona yetkazishda Axborot xizmatlariga yetarlicha ko‘maklashilmoqdami?
Mazkur savolning javobini Navoiy viloyati hokimligi Axborot xizmati ishchi guruhi bugun Navbahor tumani hokimligi misolida o‘rgandi.
Viloyat hokimi matbuot kotibi - axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shohira Raufboyeva boshchiligidagi ishchi guruh tuman Axborot xizmatiga yaratilgan sharoitlar, xizmat tomonidan amalga oshirilgan, shaffoflikni ta’minlash borasida olib borilgan tizimli ishlarni o‘rganishda qator yutuqlar barobarida kamchiliklarni ham aniqladi.
Bir qarashda "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-4366-sonli Prezident Qaroriga asosan yaratib berilishi kerak bo‘lgan sharoitlar batamom yaratilgandek. Biroq sharoitning sifati ham to‘laqonli bo‘lishi kerakligini unutmaslik darkor. Fotovideokamera, ovoz yozish moslamalari, avtotransport vositasi, alohida xona kabilar mavjud, ammo kompyuter jamlanmasi (xizmatga noutbuk ajratilgan ekan) bugungi kun tezkorligi va media materiallar sifatini ta’minlashga javob bera olmaydi. Mehnatga haq to‘lash borasida ustama masalasi kechiktirilmoqda. Yangilangan rasmiy veb-saytda "Ochiq ma’lumotlar" rukni tashkil etilishi lozim.
Tuman hokimligi rasmiy bosma nashri - "Navbahor tongi" gazetasi bugungi kunda muntazam obunachilarga, mablag‘ga ega, lekin ijodiy guruh masalasi "chatoq". Tahririyat zamonaviy fikrlovchi, tezkorlik va kreativlikka to‘la, yangiliklarga ehtiyojmand zamondoshlarga, shuningdek sifatli bosmaxona xizmatlariga muhtoj.
Tuman hokimi Azamat O‘roqov bilan suhbat jarayonida barcha masalalarda fikr almashildi va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha xulosalarga kelindi. O‘z o‘rnida tuman hokimining yangiliklarga ochiq va tanqiddan to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan rahbar ekanligini ta’kidlash lozim.