ZARAFSHONDA NURONIYLAR MASKANI QURILADI

Zarafshon shahri hokimi Nazirbek Rahmanov, shahar hokimi o‘rinbosarlari, viloyat "Nuroniy" jamg‘armasi raisi Shabon Nabiyev, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida "Konchilar" mahallasi hududida "Nuroniylar maskani" binosining qurilishiga start berildi.

Tadbir avvalida shahar hokimi nuroniylar va faxriylar uchun zamonaviy va qulay yangi maskanning yaratilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan aholining keksa avlod vakillariga yuksak ehtiromining namunasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, yangi maskan Zarafshon shahrining 60 yilligiga munosib tuhfa bo‘lishini, ramziy ma’noda "ma’naviyat va ma’rifat maskani" ekanligini hamda ushbu loyihani qo‘lga kiritish jarayonlarida qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

Jarayonda tadbir ishtirokchilari duoga qo‘l ochib, yangi qurilayotgan bino xalqimizga uzoq yillar xizmat qiladigan inshoot bo‘lishini tilashdi.

Shuningdek, viloyat "Nuroniy" jamg‘armasi raisi Shabon Nabiyev yangi majmuaning qurilishi uch asosiy yo‘nalish - nuroniylarni dam olishi va faolligini oshirishga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, shu davrga qadar Zarafshon shahrida mavjud Nuroniylar maskani ixtisoslashgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Endi Nuroniylar maskani uchun ham shaharda yangi bino quriladi. Mazkur bino Tashabbusli budjet loyihasi asosida jami 1 mlrd. 360 mln. so‘m mablag‘ evaziga barpo etiladi.

Shahar hokimi mas’ullarga qurilish ishlarini sifatli, o‘z vaqtida bajarilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan vazifalar belgilab berdi.

Ijtimoiy tarmoqlar: