- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Prezident Shavkat Mirziyoyev Karmana tumanida barpo etilayotgan kimyoviy mahsulotlar texnoparkini borib ko‘rdi.
Navoiy viloyatida kimyo sanoati rivojlangan. Hududda mineral resurslar ko‘p, tarmoq infratuzilmasi va kadrlar salohiyati yaxshi. Bundan foydalanib, istiqbolli korxonalar tashkil etish uchun esa mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti va tadbirkorlarga sharoit bor.
Shu negizda xitoylik ishbilarmonlar tomonidan “Zarafshon industrial technology” nomi ostida kimyo texnoparki barpo etilmoqda.
Mazkur majmua uchun 130 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 18 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Hozirgacha ularning ikkitasi - 40 ming tonna oleum, 170 ming tonna sulfat kislotasi olish loyihalari ishga tushirildi.
E’tiborlisi, sulfat kislotasi ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiqlikdan unumli foydalanish maqsadida 1,4 megavatt quvvatga ega bug‘-gaz qurilmali energoblok qurilgan. Bu korxona o‘zini o‘zi to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbariga texnoparkda amalga oshiriladigan yangi loyihalar haqida ma’lumot berildi. Xususan, qiymati 150 million dollarlik 1 million tonna sulfat kislotasi, 120 million dollarlik 50 ming tonna kaustik soda hamda 135 million dollarlik 100 ming tonna ftalotsianin (to‘qimachilik bo‘yog‘i) ishlab chiqarish korxonalari qurilishi boshlangan.
Texnoparkda boshqa tarmoqlar bilan kooperatsiya aloqalari samarali yo‘lga qo‘yiladi. Natijada qurilish sanoatida 75 million, yengil sanoatda 107 million, tibbiyotda 38 million dollarlik chetdan keladigan mahsulotlar o‘rni qoplanadi.
Texnoparkda mahalliylashtirish ayni paytda 31 foizni tashkil qiladi. Loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida bu ko‘rsatkich ikki barobar ortadi.
Davlatimiz rahbari korxonalarda ishlab chiqarish balansini ta’minlash, "off take" shartnomalar qilib, mahsulotlarni kafolatli sotish zarurligini ta’kidaldi.
Bugungi kunda texnoparkda 300 kishining bandligi ta’minlangan. Barcha loyihalar amalga oshgach, 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratiladi, antraxinon, kaustik soda, mis xloridi, dimetilsulfat, natriy sulfid, rezorsin kabi mahsulotlar tayyorlash o‘zlashtiriladi. Texnoparkning yillik eksport salohiyatini 2026 yilda 30 millionga yetkazish va izchil oshirib borish rejalashtirilgan.
Shuningdek, kerakli kommunikatsiya tarmoqlari ham xorijiy investor mablag‘lari hisobidan qurilmoqda.
Shu yerda 2024-2030-yillarda "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyati negizida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimot qilindi.
Unga ko‘ra, 5 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularda 3 mingdan ziyod yangi ish o‘rni bo‘ladi. Yiliga 2 milliard dollardan ziyod kimyo mahsulotlari ishlab chiqarilib, asosiy qismi eksportga yo‘naltiriladi.
Prezidentimiz loyihalarda ekologiya talablariga alohida e’tibor qaratish, zavodlarni uglerod oksidini havoga kam chiqaradigan uskunalar bilan jihozlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Loyihalardan 4 tasi kelgusi yili foydalanishga topshirilishi mo‘ljallangan. Davlatimiz rahbari ularning investorlari bilan muloqot qildi.