“Jasorat maktabi”ning navbatdagi mavsumi yakunlandi

Navoiy garnizonidagi harbiy qismda viloyatning shahar va tumanlaridagi 1-sektor hududida joylashgan mahallalarda, jumladan, garnizondagi harbiy qism va muassasalarga biriktirilgan 100 nafar yoshlar uchun 10 kunlik “Jasorat maktabi” o‘quv yig‘ini bo'lib o'tdi.

Yig‘inda yigitlar jismoniy, jangovar va saf tayyorgarligi kabi o‘quv mashg‘ulotlarida, shuningdek, dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat tahlillariga qaratilgan darslarda ishtirok etib, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishdi.

Bundan tashqari, Navoiy shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazi xodimlari tomonidan yoshlarning bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilib, unda yoshlarga malakali mutaxassislar tomonidan santexnika, chilangarlik, tadbirkorlik, sartaroshlik hamda kompyuter savodxonligi bo‘yicha saboq berildi.

Yig‘in doirasida harbiylikka qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlarning kelajagi ham alohida inobatga olingan bo‘lib, bu borada okrug qo‘mondonligi bilan ochiq muloqotlar tashkil etildi, muddatli harbiy xizmatga borish, kontrakt asosida xizmatni davom ettirish hamda harbiy guvohnoma olish istagidagi yoshlarning murojaatlari qanoatlantirildi.

Shuningdek, yoshlarni sportga jalb etish maqsadida “Qo‘mondon kubogi” uchun harbiy estafeta, “Viloyat hokimi kubogi” uchun mini-futbol, “Prokuror kubogi” uchun shaxmat va shashka musobaqalari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi kubogi uchun “Zakovat” intellektual o‘yinlari tashkil etildi.

O‘quv yig‘inining tantanali yopilish marosimida otaliqqa olingan har bir yigitning egallagan kasb-hunari bo‘yicha sertifikatlar hamda tashkil etilgan musobaqalarda g‘olib bo‘lgan jamoalarga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Ijtimoiy tarmoqlar: