BALIQCHILIK BARQAROR RIVOJLANMOQDA

Inson hayotida organizmni oziqa moddalari bilan ta’minlashda baliq mahsulotining o‘rni beqiyos. Baliqda – 15-22 foiz oqsil, shuningdek uglevod, yog‘, vitamin minerallar va kalsiy mavjud. Tabbiyotda ham baliq go‘shti yuqori qiymatga ega. Salomatlikda esa baliqning tarkibidagi vitaminlar yuqori ekanligi bilan ahamiyatlidir.
“O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi va Navoiy viloyat hokimligi hamkorligida Navbahor tumanidagi baliqchilik xo‘jaliklarining faoliyati hamda amalga oshirilayotgan loyihalari bilan yaqindan tanishish maqsadida jurnalistlar ishtirokida press-tur tashkil etildi.
– Yurtimizda, keyingi yillarda baliqchilik jadal rivojlanmoqda, – deydi tadbir ishtirokchilariga “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasining matbuot kotibi Zilola Ro‘ziyeva. – Hududlarda baliqchilik xo‘jaliklarini rivojlantirish maqsadida yangicha texnologiyalar kirib kelyapti.
Ayniqsa, intensiv usulda baliq yetishtirish ko‘lamlari kengayayotganligi sababli, ko‘p baliq mahsulotlari yetishtirilishida samarali natija bermoqda. Shuningdek, sog‘lom ovqatlanish masalasi kun tartibiga chiqqan bugungi davrda odamlarimizning ushbu mahsulotga bo‘lgan talabi ham ortib borayotgani quvonarlidir.
– Baliqchilik sohasiga qiziqishim yuqoriligi bois, pedagogika sohasidan baliqchilikka o‘tib, joriy yilda “Navbahor golden fish” baliqchilik xo‘jaligini tashkil etdik, – deydi keyingi suhbatdoshimiz, xo‘jalik ish boshqaruvchisi Shuhrat Davronov. – Navbahor tumani hududidan tashlandiq holda bo‘lgan 25 gektar yerni olib, shundan 5 gektariga ekin ekish va 20 gektarida baliqchilikni rivojlantirishga mo‘ljallangan. Ayni paytda 7,5 gektar yer maydoniga 7 ta hovuz ishga tushirilib, Xitoy texnologiyasi asosida yangi tajribada intensiv usulida yiliga ikki marotaba baliq olishga moslashtirildi va unda sazan hamda oq do‘ngpeshona baliqlari yetishtirilmoqda. Baliqlar suvda suzuvchan sifatli yemishlar bilan oziqlantirilayapti. Ularning vazni o‘rtacha 1 700, 1 800 grammni tashkil etib, bitta hovuzdan 25-30 tonnagacha baliq yetishtirish rejalashtirilgan.


Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili tumandagi “Yashil orol” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi.
– “Yashil orol” MCHJ 2022 yilda tashkil etildi va unda 8 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi jamiyatning baliqchilik xo‘jaligi direktori Ma’rufjon Karimov. – Baliq yetishtirish ko‘lining umumiy sahni 16 gektarni tashkil qilib, hozirda 6 ta ko‘lda baliq yetishtirilmoqda. Mahsulot ishlab chiqarishda super intensiv usulidan foydalanyapmiz. Bunda suvni kislorodga boyitishda asosan elektr energiyasi muhim ahamiyatga ega. Korxonada energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida hududimizga 160 kilovatli quyosh panellari o‘rnatilganligi o‘z samarasini bermoqda. Xo‘jaligimizda yiliga o‘rta hisobda 250 tonnagacha baliq yetishtirilib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.
– Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan joriy yilda baliqchilik xo‘jaliklariga suv va elektr energiyasidan foydalanishlarida, shartnoma tuzmasdan faoliyat yuritayotgan xo‘jaliklarga shartnomalar rasmiylashtirilib, ulardan oqilona foydalanishlarida amaliy yordam ko‘rsatildi, – deydi viloyat prokuraturasi bo‘lim prokurori Abbos Annayev. – Bugungi kunda 295 ta baliqchilik xo‘jaligida ishlayotgan 648 nafar ishchi-xodimlarning “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturidan o‘tkazilishi ta’minlandi. Shuningdek, prokuratura tashabbusi bilan 57 ta baliqchilik xo‘jaligining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi hamda kadastr xatloviga kiritilishiga ko‘maklashildi. Jumladan, 121 nafar ishsiz yurtdoshlarimiz prokuratura tashabbusi bilan ushbu xo‘jaliklarda ish bilan ta’minlandi. Sayyor qabullar jarayonida baliqchilikni rivojlantirish maqsadidagi 3 nafar tadbirkorga prokuratura tomonidan bank kreditlarini rasmiylashtirishda ularga 33 mlrd. 530 mln. so‘mlik yangi loyihalar doirasida kredit ajratilishi ta’minlandi.

– Bugungi kunda viloyatimizda 254 dan ortiq baliqchilik xo‘jaliklari mavjud holda, ulardan bittasi tabiiy – To‘dako‘lda, qolganlari esa suniy ko‘llarda faoliyat yuritmoqda, – deydi “Navoiybaliqsanoat” MCHJ rahbari Panji Ro‘ziqulov. – Intensiv usullarda baliq yetishtirish amalga oshirilmoqda. Jarayonda har bir gektarga kamida to‘rttadan aeratorlar o‘rnatilib, baliqlar kislorod bilan ta’minlanib boriladi. Kelgusi 2025 yilda baliq yetishtirish hududlarini kengaytirish va ularda dengiz jonivorlarini ham boqishni rejalashtirganmiz.

Dilafruz XALILOVA,
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi.

Ijtimoiy tarmoqlar: