Navoiyda xalqlar do‘stligi kuni keng nishonlandi

Hamjihatlik, jamiyatda millatlararo totuvlikni ta’minlash, har bir shaxsga millati va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash mamlakatimizda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Birgina Navoiy viloyatimizda 100 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilib, ular bir oila farzandlaridek yonma-yon yashab, hudud iqtisodiyotining turli tarmoqlarida, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ilm-fan va madaniyat kabi ijtimoiy sohalarda samarali mehnat qilishmoqda. Vatanimiz kuch-qudrati, xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imiji oshishiga o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan munosib hissa qo‘shishmoqda.

Bugun Navoiy viloyati hokimligida Xalqlar do'stligi kuni munosabati bilan turli millat vakillari ishtirokida tantanali tadbir tashkillashtirildi. Tadbirda viloyat hokimi Normat Tursunov ishtirok etib, yig‘ilganlarga Davlatimiz Rahbarining bayram tabrigini o‘qib eshittirdi hamda o‘zining samimiy qutlovini yo‘lladi.

- Aziz do‘stlar, qardoshlar! Barchangizni birdamlikda, hamjihatlikda ko‘rib turganimdan bag‘oyatda xursandman va butun mamlakatimizda keng miqyosda nishonlanayotgan Xalqlar do‘stligi kuni bilan samimiy tabriklayman!
Bugun viloyatimizda o'ndan ortiq milliy madaniy markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularning har biri milliy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, o‘z xalqi qadriyati, urf-odat va an’analarini asrab-avaylash, keyingi avlodga yetkazish, farzandlarimizni yoshligidan barcha millat vakillariga hurmat ruhida tarbiyalash, tariximiz va taqdirimiz uyg‘unligini uqtirib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Umumiy uyimiz - jonajon O‘zbekistonimizda milliy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik, hamjihatlik abadiy bo‘lsin! - dedi tabrigida Normat To‘lqinovich.

Ijtimoiy tarmoqlar: