Quyosh panellarini o‘rnatish afzalliklari nimada?

Bugungi rivojlangan texnologiyalar davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab juda yuqori bo‘lib, tabiiy resurslardan foydalangan holda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini tejash asosiy vazifa bo‘lib qolmoqda. Elektr energiyasidan maqsadli foydalanish uchun mamlakatimizda tizimli ishlar olib borilayotgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishda davlatimiz rahbari va hukumatimiz tomonidan chiqarilayotgan qonuniy hujjatlar va ularning ijrosida o‘z ifodasini topmoqda.

Quyosh panellarining korxona, tashkilot, ofis, turli xil majmualar va aholi xonadonlarida o‘rnatilishi afzalliklari bo‘yicha qisqacha gapiradigan bo‘lsak, Quyosh panellari foydalanilganda elektr energiyasi tekinga olinadi, ya’ni Quyosh panellari orqali elektr energiya ishlab chiqarilganda atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqmaydi. Eng asosiysi, quyosh panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan paytdan boshlab daromad olib kela boshlaydi. Bunday qurilmalar binolarning tom qismida hamda bo‘sh yer maydonlarga o‘rnatilgani uchun ishlash jarayonida hech qanday shovqin bo‘lmaydi. Zamonaviy vositalar xonadonni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Bu qurilmalarni o‘rnatish juda oson va uzoq yillar texnik xizmat ko‘rsatish talab etilmaydi. Chunki mazkur qurilmalar maxsus sinov laboratoriyalar tekshiruvidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishi sababli o‘rtacha 20-25 yil davomida xizmat ko‘rsatadi. Xonadon egasi ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad qilish ham mumkin. Bunda jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday soliq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.

Ta’kidlash o‘rinliki, bunday qurilma yordamida xonadonini elektr energiyasi bilan ta’minlagan (o‘rnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik sub’ektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘idan ozod etiladi. O‘z navbatida jismoniy shaxslar quyosh panellarini 3 yil muddatga foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlardan foydalanishlari mumkin. Bunda, 5 kilovattgacha bo‘lgan qismiga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imtiyozlari beriladi.

Qurilmalarni o‘rnatgandan keyin xonadon sohibi elektr ta’minoti korxonasi bilan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolash huquqiga ega.

Aytaylik, xonadon egasi 1 kVt soat elektr energiyasini davlatga
1000 so‘mdan sotadi (Ma’lumot uchun hozirgi kunda aholi 1 kVt·soat elektr energiyasi uchun 450 so‘m agar limitdan oshsa 900 so‘m va undan ortiq to‘laydi). Agar xonadonga 5 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilsa, quyosh stansiya oyiga o‘rtacha 750 kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi.
4 kishilik xonadonda oyiga o‘rtacha 400 kVt soat elektr energiya iste’mol qilinsa, mazkur stansiya xonadon egasiga oyiga 350 ming so‘m miqdorda daromad keltiradi.

Aholi tomonidan sotilgan elektr energiyasi uchun mablag‘lar davlat tomonidan har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi. O‘rnatilgan quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasi “aqlli” elektr hisoblagichlar yordamida har oy qancha sotilganini aniq hisoblab beradi. Jarayonni telefonda o‘rnatilgan maxsus ilova orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, quvvati 100 kVt va undan ortiq bo‘lgan quyosh panellaridan energiya ishlab chiqaruvchilar ushbu qurilmalarni o‘rnatganlik uchun mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashda o‘n yil muddatga imtiyoz beriladi. Quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatuvchilar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan uch yil muddatga ozod etiladi.

Karmana tumani hokimi o‘rinbosari

Sh.Boltayev

 

Ijtimoiy tarmoqlar: