Navoiy viloyati hokimi N.T.Tursunovning O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga bayram tabrigi

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar!

Qadrli konchi va metallurglar!

Bugun Respublikamizda konchilik va metallurgiya sohasi xodimlari joriy yilda yigirma uchinchi bor o‘zlarining kasb bayramlarini nishonlamoqda. Jumladan, viloyatimizdagi eng yirik sanoat korxonalari bo‘lgan “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” DKda mehnat faoliyatini olib borayotgan jonkuyar va fidoyi mehnatkashlar ham zo‘r xursandchilik va shodiyona bilan kutib olmoqda.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2020-yilning 6-mart sanasida zamonaviy korporativ boshqaruv usullarini joriy etish, bozor mexanizmlariga o‘tish, raqobatbardoshlikni oshirish, mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yangi istiqbolli konlarni o‘zlashtirish maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati davlat korxonasini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi bilan “Navoiyuran” DK va “NKMK jamg‘armasi” DMlari ham tashkil etildi.

Bugun esa Quvondiq Sanaqulovich boshchiligidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatining ulkan, ahil va zahmatkash jamoasi ushbu sharafli kasb bayrami -O‘zbekiston Respublikasi konchilik va metallurgiya sanoati xodimlari kunini keng nishonlamoqda.

Bugungi kunda bu korxona “999.9” tamg‘ali oltin quymalari bilan dunyoga mashhurdir. Kombinat yirik ishlab chiqarish tarmog‘i sifatida ruda qazishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni mujassam etgan sanoat noyob klasteri hisoblanadi.

Hurmatli Prezidentimiz e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi natijasida korxona keyingi yillarda rivojlanishning yangi bosqichini bosib o‘tdi. Bunda, davlatimiz Rahbari tomonidan tasdiqlangan 2017-2026 yillarda kombinatni strategik rivojlantirish dasturi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu dastur doirasida umumiy qiymati 2,9 milliard dollar bo‘lgan 23 ta loyiha ishga tushirilgani – oltin ishlab chiqarish hajmini 2016 yilga nisbatan 26 foizga, kumush ishlab chiqarishni 47 foizga oshirishga, 15 mingdan ziyod ish o‘rinlari yaratishga mustahkam zamin yaratdi. Buning hisobiga kombinat jahonda oltin ishlab chiqarish bo‘yicha 4-o‘ringa chiqdi.

Buning natijasida jamoa ahli chetdan hech qanday ko‘maksiz o‘z kuchi, ilm va salohiyati, boy tajribasi bilan g‘oyat qisqa davrda Yangi O‘zbekistonning 4 ta zamonaviy gidrometal-lurgiya zavodlari, “Pistali”, “Tomdibuloq”, “Turbay”, “Balpantov” konlari va boshqa ko‘plab sanoat tarmoqlarini barpo etishga erishdi.

Buni, Qizilqum sahrosi cho‘l injiqliklari, murakkab sharoitlarda matonat bilan mehnat qilib kelayotgan qariyb 50 mingdan ortiq jamoaning mashaqqatli mehnati mahsulidir.

Bu raqamlarni aytishga oson. Uning zamirida qancha mehnat yotganini yaxshi bilamiz va hamisha yuksak qadrlaymiz.

Zero, bu kasbning nechog‘lik zahmatli ekanini sohada ishlab, mashaqqatini chuqur his etib kelayotgan sharafli kasb egalari juda yaxshi biladi. Shu bois, jamoaning mehnati har qanday e’tirofga loyiqdir.

Aziz do‘stlar!

Yuqorida Navoiy kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz iqtisodiyotida yuqori o‘ringa ega ekanini ta’kidlab o‘tgandim. Bu, amalda ham haqiqatdir.

Jumladan, bugungi kunda kombinatning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 6,3 foizni, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishdagi ulushi 13,5 foizni, davlat byudjetidagi tushumlar bo‘yicha ulushi 16,7 foizni tashkil etgani buning isbotidir.

Birgina, 2023-yilda davlat byudjetiga 38,6 trillion so‘mlik to‘lovlarni amalga oshirgan jamoaning bu yutuqlariga faqat tasannolar aytsak arziydi.

Yana shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash joizki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati Navoiy viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish jarayonida ham faol ishtirok etib kelmoqda.

Jumladan, konchilar maskanlari – Navoiy, Zarafshon, Uchquduq shaharlari, Zafarobod qo‘rg‘onini zamonaviy darajaga olib kelish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish borasida ham ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirib kelayapti.

Keyingi yillarda Zarafshonda “Umid” maktabgacha tashkiloti, 504 o‘rinli ixtisoslashtirilgan maktab-internati, favvoralar sayilgohi, Uchquduqda “Oltinko‘l” dam olish majmuasi, “Orzu” istirohat parki, To‘dako‘lda xalqaro sh

Saxmat maktabi va boshqa bunyodkorlik ishlari buning yaqqol isbotidir. Ijtimoiy sohada olib borgan ezgu ishlariga yana ko‘plab misollar keltirish mumkin.


Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasida kon-metallurgiya sanoati korxonalari oldiga katta vazifalar qo‘yilgan.

Jumladan, 2030 yilgacha O‘zbekistonda yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarishni 3,5 barobar, oltinni — 1,5 barobar, kumushni — 3 barobar, uranni — 3 barobar oshirish mo‘ljallangan.

Bunda, ko‘zda tutilgan tegishli foydali qazilmalarni ishlab chiqarishning asosiy qismi kombinat hissasiga to‘g‘ri keladi. Demakki, jamoa oldida yanada ulkan dovonlar turibdi. Ishonamizki, ulkan jamoa bu ishonchni ham o‘zlarining fidokorona mehnatlari bilan oqlab, yuksak marralarni zabt etadi.

Shu o‘rinda viloyatimizning yana bir yirik tarmoq korxonasi “Navoiyuran” davlat korxonasi haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘tishni joiz deb bilaman. Bugungi kunda korxonada uran qazib olishning bir qancha bosqichlari, jumladan, geologiya-qidiruvdan tortib ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonlar to‘liq qamrab olingan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri bo‘lib, zaxiralari bo‘yicha dunyoda o‘n birinchi, uran qazib olish bo‘yicha 5-o‘rinni egallaydi.

Korxona mahsuloti Fransiya Yaponiya, Kanada Janubiy Koreyaning yirik kompaniyalariga hamda Hindistonning “Atom energetikasi departamenti”ga 100% eksport qilinmoqda.

Birgina, o‘tgan 2023-yilda qariyb 7 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilib, 424 mln dollarlik mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 8,7 trln. so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Quvonarlisi, Davlatimiz Rahbari tomonidan “Navoiyuran” davlat korxonasiga yuqori ishonch bildirilmoqda.

2030 yilga qadar “Navoiyuran”da 550 million dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirish orqali, uran zaxiralarini 67 ming tonnadan 100 ming tonnaga yetkazish, 2030-yilgacha ishlab chiqarishni 3 barobarga oshirilishi belgilandi.

Aziz soha fidoiylari!

Yana bir bor bugungi bayram bilan siz, qadrdon do‘stlarni, mehnat faxriylarini tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka, mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz konchi va metallurglar!

Ijtimoiy tarmoqlar: