- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Jamiyatda aholining huquqiy bilimi va madaniyatining yuksak darajada bo‘lishi hamda shaxsning o‘zga fuqarolar huquq va manfaatlarini hurmat qilgan holda o‘z huquqlarini amalga oshirishi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishdagi eng muhim omillardan biridir.
Albatta, har bir fuqaroning huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirishga uning yoshligidan o‘z oilasi va maktab ta’limi jarayonlaridan boshlash maqsadga muvofiqdir.
O‘quvchi yoshlarning huquqiy bilim va madaniyatini yanada oshirish, ularda qonunga hurmatda bo‘lish munosabatini shakllantirish, shuningdek yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni oldini olish maqsadida Zarafshon shahar sudlari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shahar hokimligi hamda xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda huquqiy dars soatlarini amaliyotchi huquqshunoslar bilan birgalikda o‘tib borish yuzasidan Memorandum tuzilgan. Quvonch bilan aytish lozimki, bu borada hamkor tashkilotlarning o‘zaro to‘rt yillik tajribasi mavjud.
Bu esa barchaga, ayniqsa ustoz-murabbiylar, o‘quvchi-yoshlar hamda ota-onalarga judayam ma’qul bo‘lib, ularning yaqindan yordamlari, qo‘llab-quvvatlashlari bilan bu boradagi ishlar tizimli rivojlanib, qaysidir ma’noda odat tusiga aylanib ulgurgan.
Ayni shu maqsadlarda yoshlar bilan navbatdagi uchrashuv Tomdi tumani ixtisoslashtirilgan maktab internatida “Biz - korrupsiyaga qarshimiz” mavzusida amalga oshirildi.
Uchrashuv yoshlar o‘rtasida korrupsiyaning salbiy illat ekanligi hamda jamiyat rivojiga to‘siq bo‘lishi bayon etilgan insholar va rasmlar tanlovi o‘tkazilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Shuningdek, mazkur tadbir yoshlarning jadidlar hayoti va ijodiga doir sahna ko‘rinishi bilan davom ettirildi.
O‘tkazilgan insholar va rasmlar tanlovida g‘oliblar aniqlanib, tadbir yakunida sovrindorlar Zarafshon shahar hamda Tomdi tuman sudlari raislari tomonidan esdalik sovg‘alari hamda diplomlar bilan taqdirlandi.
Uchrashuv davomida o‘quvchi yoshlarning hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari, sog‘lom turmush tarzini tashkil qilish va yot g‘oyalarga berilmaslik borasida zarur maslahatlar berib o‘tildi va bu borada sud amaliyotidan misollar keltirilib, yoshlarning qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.
Bu kabi chora-tadbirlar yoshlarning ta’limga va ilm olishga bo‘lgan qiziqishini yanada ortishiga, jamiyatda korrupsiyaning oldini olishga o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatishi bilan ahamiyatlidir, albatta bu kabi xayrli ishlar kelgusida ham izchil davom ettiriladi.
Sherzod Gʻofurov,
Zarafshon tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi