Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan viloyat ahliga bayram tabrigi

Aziz navoiyliklar, viloyatimiz faollari!

Avvalo barchalaringizni tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik ramziga aylangan, qolaversa, sizu bizning baxtiyor kunlarimiz uchun qon kechib, jon bergan ota-bobolarimizning qadri ulug‘lanadigan, abadiyatga daxldor yorqin xotiralari qalban va ruhan ehtirom etiladigan kun bilan samimiy muborakbod etaman. 

Insoniyat tarixidagi eng dahshatli urush sifatida e’tirof etilgan, millionlarni qalban va ma’nan majruhga aylantirgan Ikkinchi jahon urushi qoldirgan asoratlar hamon bitgan emas. Oradan o‘tgan 79 yillik masofa uzoq ko‘rinsa-da, devorga osilgan kemtik nonlar hamon egasini kutmoqda. 

Shunday ekan, bashariyatni fashizm qutqusidan saqlab qolgan qahramon ota-bobolarimiz hamda front ortida mardona mehnat qilib, g‘alabani ta’minlashga munosib hissa qo‘shgan mard va olijanob yurtdoshlarimiz xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom keltirish esa har birimizning insoniylik burchimizdir.

Holbuki, oramizda tobora safi kamayib borayotgan qahramonlarimizning ezgu duolari bugungi farovon kunlarimizning fayzu barakasi bo‘lib kelmoqda desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Hurmatli Prezidentimiz ta’kidaganlaridek “hech shubhasiz, biz bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug‘ insonlar oldida doimo qarzdormiz, ular uchun bundan buyon ham barcha sharoitlarni yaratib bermog‘imiz shart”.

Qadrli yurtdoshlar! 

Sir emaski, dunyo hamjamiyatida g‘oyat murakkab, tahlikali geosiyosiy jarayonlar tobora kuchayib bormoqda. Bu esa nafaqat, siyosiy yoki iqtisodiy, balki ma’naviy xurujlarning avj olishiga omil bo‘layotganligini ko‘rib, kuzatib turimiz. Mana shunday globallashuv zamonida kelajak avlodga vatanni sevishni o‘rgatish, bizga har qadamda xavf solayotgan salbiy ta’sirlardan munosib himoya qilish, jonajon yurtimizdagi tinchlik, ososyishtalik va barqarorlikni, ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlarimizni asrab avaylashni, o‘zaro ahillikni mustahkamlash va eng asosiysi ularning qadriga yetishda qahramon faxriylarimizning jasorati, shonli an’analari biz uchun hamisha ibrat maktabi bo‘lmog‘i shart albatta. 

Zero, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda, yurtimiz kelajagi, uning tinchligi va osoyishtaliigini ta’minlashda fidoyi bobokalonlarimizning jasorati o‘rnak bo‘lmog‘i lozim. Shu ma’noda Xotira va qadrlash kuni tantanalari butun mamlakatimizda “Inson qadri aziz, xotira muqaddas”, “Mardlik, burch, matonat” kabi insonparvarlik g‘oyalari asosida o‘tkazilayotganligida o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

Qadrli viloyat ahli!

Men ishonamanki, ajdodlarimiz jasorati, shu yurt onalarining vafosi va sadoqati timsoli sifatida bunyod qilingan Xotira maydoni majmuasi va muzey barchaga birdek, ayniqsa, yoshlarga ma’naviy kuch-quvvat, vatanparvarlik, ona yurtni sevish va qadrlashda o‘ziga xos ishtiyoq-motivatsiya manziliga aylanadi. Zero, ushbu Xotira maydoni hamda muzeyga ehtirom bilan, qalban nazar solsangiz, bugungi tinch va osoyishta hayotimiz qadri nechog‘li qimmat ekanligini, uning qiymati bebaholigini yana bir karra his etasiz. 

Fursatdan foydalanib, tinchlik va osoyishtalik, barqarorlik ramziga aylangan Xotira va qadrlash kuni bilan tabriklayman! 

Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘dir!

Ijtimoiy tarmoqlar: