Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning Navro‘z bayrami munosabati bilan viloyat ahliga bayram tabrigi

Qadrli navoiyliklar, aziz yurtdoshlar!

Bugun butun borliq uyg‘onib, ona diyorimizga sog‘inib kutganimiz Navro‘zi olam kirib keldi.

Ming-ming yillar davomida ota-bobolarimiz tomonidan tantana qilinib, hayotimizning mazmuni va milliy qadriyatlarimizning gultojiga aylangan ushbu muborak ayyom qalblarimizga har doim cheksiz quvonch va bir olam zavq bag‘ishlaydi. Zero, Navro‘z, mohiyatan borliqni asrab-avaylash, tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalarni mujassam etib, bugun mamlakatimizda “Olam nurga to‘lsin sen bilan Navro‘z” shiori ostida keng nishonlanishida ham teran mazmun bor.

Ana shu murodbaxsh onlarda viloyatimizning barcha mehnatkash va bag‘rikeng xalqini, viloyatimiz mehmonlarini yangilanish va yasharish ayyomi, yaratuvchanlik, go‘zallik ramzi, sharqona yangi yilimiz – Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan qutlayman!

Navro‘z ko‘hna Sharqning nomi bitta qadriyat va an’analari mingta bayrami. U Yangi O‘zbekiston sharoitida chinakam umumxalq bayramiga aylanib, ayni kunlarda viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida, qishloqlarida, mahalla va ovullarida umumxalq sayillari shaklida ulkan zavq-shavq va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlanmoqda.

Mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lash, yurtdoshlarimizning hayotdan rozi, ertangi kunga ishonchlarini yanada mustahkamlashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos da’vatkor kuch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Zotan, Navro‘z ko‘ngillarimizga eng pokiza tuyg‘ular, orzu-umidlar joylab, ulkan yutuq va marralar sari shijoatga chorlaydi. Ushbu qutlug‘ ayyom yangi-yangi marralar sari undab, barcha boshlagan va rejalashtirgan ishlarimizni halol, sifatli hamda o‘z muddatida bajarishga bo‘lgan mas’uliyatimizni yanada oshiradi.

Shu oliy istak va ishonch hamda mas’uliyat barchamizga hamisha kuch va g‘ayrat bag‘ishlab tursin!

Qadrli yurtdoshlar!

Barchangizni yana bir bor uyg‘onish, yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi - Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin!

Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin! Ezgu niyat va amallar, mehr-oqibat, mehnatsevarlik va shijoat qalblarimizni hech qachon tark etmasin!

Navro‘zi olam hammamizga muborak bo‘lsin!

 

Ijtimoiy tarmoqlar: