Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanovning Navoiy viloyatidagi tashrif tafsilotlari

Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi. Yuqori martabali mehmonni Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov kutib oldi.

Tashkil etilgan uchrashuvda viloyat hokimining investisiyalar, sanoat va savdo masalalari boʻyicha oʻrinbosari Elbek Gʻafforov, "Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi" sanoat parki direksiyasi direktori Narimon Ismailov, "Navoiy" EIZ direksiyasi direktori Xabib Abdullaev va oʻrinbosari Nazirjon Joʻraev, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Energetika Vaziri Joʻrabek Mirzamaxmudovlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvda Normat Tursunov Rustam Minnixanovga Navoiy viloyatining iqtisodiy va ijtimoiy salohiyati toʻgʻrisida soʻzlarkan, tomonlar oʻrtasida sanoat kooperasiyasi, mineral-xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, turizm, viloyatdagi va Tatarstondagi oliy ta'lim muassasalari oʻrtasida konchilik va metallurgiya, qishloq va suv xoʻjaligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shuningdek oliy ta'lim, fan va innovasiyalar sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash borasida qator takliflarni bayon etdi.

Bugungi kunda Tatariston Respublikasi Rossiya Federatsiyasining iqtisodiyot, sanoat, tashqi savdo boʻyicha eng rivojlanayotgan hududlaridan biri sanaladi.

Tatariston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlikning yorqin namunasi sifatida Navoiy viloyati va "Master" Kama sanoat parki oʻrtasidagi Navoiy viloyatida maxsus sanoat parkini yaratish boʻyicha kelishuvni koʻrsatish mumkin. Mazkur kelishuvni oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida mamlakatimiz rahbari tomonidan "Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi" sanoat parkini tashkil etish toʻgʻrisida"gi Qaror imzolangan.

Parkni bunyod etishda Oʻzbekiston Respublikasini qayta qurish va rivojlantirish Fondi tomonidan 40 mln. AQSh dollari miqdorida sarmoya ajratilgan. Birinchi bosqichda umumiy qiymati 178 mln. AQSh dollari boʻlgan 6 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Uchrashuvdan soʻng mehmonlar "Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi" sanoat parki taqdimoti bilan tanishdilar.

Shu kunning o'zidayoq Tatariston Respublikasi Raisi Rustam Minnixanov Toshkent shahriga jo'nab ketdi.

 

Ijtimoiy tarmoqlar: