- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Tosh masjid va minora
(Qiziltepa tumani)
Tarixchi Bahriddin Kashmir o’zining “Rizvat ar-Rivzon va Hadiqat al-Gilmon” asarida “Vang’ozi qishloqida vaqt o’tishi bilan buzilib ketgan sinchli masjidi bor” deb eslab o’tgan. Xo’ja Sayid Jiboriy eski masjidni buzib o’rniga g’ishtdan yangi masjid va uning yonida baland minora qurdirdi. Yangi masjid qurilishi olti yil davom etib, 1580-yilda tugallandi. XVI asrda pishiq g`ishtdan qurilgan baland minorali Toshmasjid va Qo`rg`on masjidlari bizgacha yetib kelgan. Ayrim tadqiqotlarda Toshmasjidni XVI asrga oid va Abdullaxon II tomonidan qurdirilgan deyilsa, boshqalarida undagi minorani XVIII asrda barpo etilganligi ta’kidlanadi. Majmua tekis joyda joylashgan, uning sharq tomonidan ariq oqib o`tgan, shimol tomonida yo`l bor, majmuaning janub tomonida esa qabriston joylashgan.
Boyazid Bistomiy
(Qiziltepa tumani)
Boyazid Bistomiy (801-875) Eronning Bistom shahrida tug`ilgan. Tayfuriya sufiylik taraqiyotining piri. Uning bobosi islomni qabul qilgan zardushtlardan bo‘lgan, butun umrini asosan Bistomda o’tkazgan. Vafotidan keyin uni Sulton al-Orifin (oriflar sultoni) laqabi bilan atay boshladilar. Boyazid Bistomiy tasavvufning ayrim tushunchalarini ishlab chiqqan boʻlsa ham, oʻzining bir butun ilohiy tizimdagi taʼlimotini yaratmadi. U ilohiy (lohut) va insoniy (nosut) ruhni bir-biriga biriktirishga harakat qildi, yaʼni maʼnaviy va moddiy ibtidoni bir-biriga qoʻshishga intildi. Boyazid Bistomiy oʻzidan asar qoldirmagan. Uning ibratli gaplari, nasihatlarini mulozimlari yozib olishgan. Ayrim tasavvuf kishilari Bistomiy obroʻyidan foydalanib, oʻzlarining shariatga unchalik toʻgʻri kelmaydigan fuqolarini Bistomiyning fikri deb koʻrsatishga uringanlar. Boyazid Bistomiy hazratlari 113 pirdan saboq olganlar. Qiziltepaning qadim Bo`stonida hazrat Boyazid Bistomiy ziyoratgohi borligi ham ulug`avliyoyimizga hurmat-ehtirom, e’tiqot ramzi albatta. Bu tabarruk joyda 1929 yilgacha mahobatli masjid va minorasi bo`lib, sovet davrida u buzib tashlangan. Buzib tashlangan masjid o`rnida 1990 yili cho`pkori, shimoli va sharqiy ayvonli masjid bunyod etildi. Ramziy qabr ustida mahobatli gumbaz qurildi. Bu yerda shifobaxsh suvli quduq qayta ta’mirlandi. Hozir Boyazid Bistomiy masjidi tumanning bosh masjidi.
Sangijumon
(Xatirchi tumani )
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida Sangijuman qishlog'i bor. Tabiati betakror, go'zal bu maskan sayyoh va ziyoratchilarni o'ziga turli shakldagi xarsangtoshlari bilan jalb etadi. Qishloq tugashi bilan bepoyon qirliklarda sochilib yotgan xarsanglarga ko'zingiz tushadi. Qirlik Nurota tizma tog'larining janubiy shaxobchasi bo'lib, uzunligi 70 km, eni esa 9,28 km.dir. Mahalliy aholi uni Oq tog' deb atashadi. Oq tog'ning janubiy qismida Sangijumon deb ataladigan kamyob intruziv - tosh massivi mavjud. Sangijumon massivining paydo bo'lish tarixi olimlar tomonidan turlicha qarashlarni ilgari surishlariga olib keldi. Ba'zilar massiv bundan 280 million yil avval, yer yuziga qaynoq va suyuq tog' jinslarining Yer yuziga ko'tarilishi natijasida vujudga kelgan deyishsa, boshqalari uning yoshini 250 mln. yilga tenglashtirishadi. Shu bilan birgalikda bu yerda paleozoy davrida shovullab turgan Tetis dengizi o'rtasidan yuqoriga ko'tarilgan tog' jinslari yarim oy shaklda orolni vujudga keltirganini ham qayd etishadi.
Sarmishsoy
(Navbahor tumani)
Navoiy viloyatining ajablantiradigan joylaridan biri – Sarmishsoy darasi 10 ming yildan ortiq yoshdagi sirli petrogliflari bilan uzoq vaqt sayyohlarni o‘ziga jalb qilib keladi. Barcha qoyatosh rasmlari tosh yoki metall asboblar bilan yorib yozilgan yoki o‘yilgan. Eng qadimgi rasmlar ornamentli-ajur, kontur yoki aralash usulda o‘yilgan.Dara va uning atroflarida qoyatoshlar yuzasida o‘yilgan 5 mingdan ortiq rasmlar topilgan. Ular qora yoki jigarrang patina bilan qoplangan. Petrogliflarning mavzusi xilma-xil. Bugungi kunda kamida 35 ta tematik rasm va mavzular mavjud. Yuqori paleolit madaniyatiga xos bo‘lgan bio-uchburchaklar uslubida yaratilgan tur-buqalarning rasmi alohida qiziqish uyg‘otadi. Rasmlar bilan bir qatorda Sarmishsoy qoyalari orasida arab tilidagi turli xil yozuvlar ham uchraydi.
Mir Said Bahrom maqbarasi
(Karmana tumani)
Mir Said Bahrom maqbarasi Karmana shahrining markazida joylashgan. Mazkur tarixiy kompleks maqbara va uncha katta bo‘lmagan masjidni o`z ichiga oladi. Maqbara XI asrda qurilgan. Maqbara 1976-yilda oxirgi marta qayta qurilgan. Tarixchilarning ta’kidlashicha, Mir Said Bahrom Somoniylar sulolasining vakili hisoblanadi. Abu Tohirxo‘ja Samarqandiyning «Samariya» asarida Mir Said Bahrom haqida “u o‘zining aqli, bilimi va mo’jiza yarata olish qobiliyati bilan xalq orasida hurmatga sazovor inson” degan. Ushbu maqbara O‘zbekiston hududidagi eng kichik maqbara hisoblanadi. Ko‘pchilik bu maqbaraning ayrim qismlarini Buxoro shahrida joylashgan Somoniylar maqbarasiga o‘xshatishadi. Maqbara binosi kvadrat shaklidadir va u uncha katta bo‘lmagan gumbazdan tashkil topgan. Kirish qismida juda chiroyli arka mavjud bo‘lib unda ko‘fiy xat turidagi yozuv yozilgan. Butun devor geometrik qoplamadan iborat. Binoning ichki qismida marmar toshli qabr toshi mavjud. Qabr ustiga esa qimmatbaho gazlama to‘shalgan. Binoning ichki devorlari gumbazni ko‘tarib turuvchi sakkiz qirrali arkalardan iborat. Maqbara Somoniylar davri meʼmorligiga xos uslubda pishiq gʻisht (21smx21smx3 sm) dan bezakli qilib qurilgan. Peshtoqi 3 qismdan iborat, hoshiyali. Sharafasi va ikki yon tomoni mayda gʻishtlardan terilgan. Maqbara mamlakat hisobidagi yodgorliklar qatoriga kiradi. Maqbara o'rtasida Mir Said Bahromning qabri bor.
Qosim-Shayx majmuasi
(Karmana tumani)
Qosim Shayx me’moriy majmuasi XVI asrning nodir obidasi bo‘lib, Shayboniyxonlar sulolasidan bo‘lgan Buxoro hukmdori Abdullaxon II tomonidan o‘zining piri, Yassaviya tariqatining piri komili Qosim Shayxga atab qurdirilgan. Qosim Shayx asli qadim Karmana tuprog‘ida, Zarafshon daryosi qirg‘og‘iga yaqin Marjonxotun qishlog‘ida 1500-(bazi manbalarda 1503-y) yilda tavallud topgan.
Qosim Shayx dastlab Karmanada, keyin esa Buxoroga borib, Kubroviya (xojagon) tariqatlaridan biri Shayx Abdullatifdan ta’lim oladi. Shuningdek, Qosim Shayx ilm izlab, Samarqandda hazrati Shayx Mavlono Vali huzuriga boradi va u yerda Kubroviya (xojagon), Qodiriya, Yassaviya, Naqshbandiya shayxlari vakillaridan ta’lim va pirlik ijozatini oladi. Qosim Shayx XVI asrda Mavorounnahrda yetakchi ruhiy rahnomo, diniy arbob va Xo‘ja Ahmad Yassaviy tariqatining nomdor davomchisi edi.
Mavlono Orif Deggaroniy
(Karmana tumani)
Mavlono Orif Dеggaroniy, tarixiy manbalarning guvohligiga qaraganda, taxminan 1313-yilda Hazora qishlog‘i Dеggaron dahasida (hozirgi Karmana tumanining Hazora qishlog‘i hududida) tug‘ilgan. Asl kasbi do‘kondor bo‘lib, bo‘z to‘qish bilan shug‘ullangan. Mavlono Orif Dеggaron dahasida tug‘ilganliklari bois Dеggaroniy nomi qo'shib aytilgan.
Mavlono Orif odamiylik qadriyatlarini har narsadan ustun qo'ygan. Baxt-saodatga erishish faqat mehnat tufayli amalga oshishini alohida uqtirgan. “Qo’ling mehnatda bo‘lganda, dilda ne bo‘lmoq kerak” dеgan savolga hamisha “Diling Ollohni zikrlashda bo‘lsin” dеgan naqlni muntazam eslatib turgan. Mavlono Orif Deggaroniy va Bahouddin Naqshbandiylar dunyoqarashi botinan (ichdan) xudo bilan, zoxiram (tashqaridan) odamlar bilan bo‘lish kеrakligiga asoslangan. Ular Olloh rahmatiga yеtgan kishilardir. Ularda valiylik sifatlari mujassam. Deggaroniy hazrati Bahouddin Naqshband bilan hamnafas, tengdosh va do’st bo’lib, u kishi taxminan 1313-1380-yillar oralig'ida Dеggaron dahasida yashab o’tgan.
Raboti Malik va Sardoba karvonsaroyi
(Karmana tumani)
Raboti Malik karvonsaroyi va Sardoba XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan boʻlmish Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim (1068–1080-y.) tomonidan qurilgan boʻlib, XII asrning birinchi choragida yana shu Qoraxoniylardan boʻlmish Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon (1102–1130-y.) tomonidan taʼmirlangan.
Raboti Malik karvonsaroyi 100×100 m maydonni egallagan boʻlib, mustahkam devorlar bilan oʻralgan va ikki qismga boʻlingan. Karvonsaroy oʻzining dastlabki vazifasi eʼtibori bilan XVIII asrgacha xizmat qilib kelgan. Unda Amir Temur va uning avlodlari, buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning xonlari, elchilar, savdo karvonlari va sayyohlar qoʻnib oʻtgan. Hofizi Abroʻning maʼlumotiga koʻra, Ulugʻbek 1420-yilda ushbu mintaqalarda toʻxtab, qirq kun ov qilgan.
Chashma majmuasi
(Nurota tumani)
Chashma majmuasi - yuzlab dindorlar ziyorat qiladigan Markaziy Osiyo hududida muhim o‘ringa ega bo‘lgan islom markazlaridan biridir. Tarixiy inshootlar ansambliga Chilustun va Ko’k gumbaz jome masjidlari, qadimiy Eshon Sudur hammomi, Nur qal’asi, buloq va quduqlar kiradi. Mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, buloq suvi tarkibida Mendeleyev davriy jadvalidagi 15 ta mikroelementlardan, jumladan oltin, kumush, yod, brom mavjud ekan. Buloqdan sekundiga 420 litr suv chiqadi. Chashmaning yuqori qismida Shayx Abu Hasan Nuriy qabri va 40 ustunlik 16 metrlik gumbazga ega Chilustun jome masjidi joylashgan. Chashma majmuasida yana bir me’moriy yodgorlik “Panjvaqta”- Ko‘k gumbaz masjididir. Masjid XVI asrda Abdullaxon II davrida qurilgan. Mutaxassislarning aniqlashicha, masjidning asli nimrang, oq, moviy rang va qora rangga ishlangan havorang va oq mozaikalar bilan bezatilgan. Majmua tarikibiy qismlaridan yana biri bu hammomdir. Hammom XX asrda Buxorodan kelgan mohir ustalar tomonidan qurilgan. Hammom 12 xonadan iborat bo’lib barcha ichki devorlari abraziv tosh bloklari bilan qoplangan. Ushbu obyekt 2016-yilda qayta restavratsiya qilinib, foydalanishga topshirilgan.
“Imom Hasan imom Husayn” ziyoratgohi
(Nurota tumani)
“Imom Hasan imom Husayn” ziyoratgohi Navoiy viloyati Nurota yoʻlining 45-kilometrida Dehibaland qishlogʻi joylashgan. Bu qishloqda uchta ramziy qabr bor. Kiraverishda oʻng tomonida “Imom Hasan imom Husayn” ziyoratgohi bor. Bu yerda hazrati Alining suyukli farzanlari Imom Hasan va Imom Husaynlarning ramziy qabrlari bor. Bu qabrlar taxminan XIX asrning oxirlarida barpo etilgan. Bu maskanga ham koʻplab mahalliy sayyohlar tashrif buyurishadi. Ikki qabrning oʻrtasida masjid bor. Masjidda bitta ustun boʻlib, u marmar toshdan yasalgan. Mazkur sanʼat asarining muallifi gʻozgʻonlik mashhur usta muhandis Abdurayim Turdiyevdir. Ushbu qishloqda shuningdek, Dehibaland qoʻrgʻoni mavjud bo‘lib, uning qurilishi eramizdan oldingi yillarga toʻgʻri keladi. Nur qalʼasi bilan zamondosh Dehibaland qalʼasi hududda joylashgan boshqa qalʼalar singari qishloq mudofaasi uchun qurilgan. Poydevori toshdan, gʻishtlari tuproqdan yasalgan. Qadimda shaharchaga yov hujum qilganda, qoʻrgʻon tepasidagi askarlar olov yoqishib yoki tutun chiqarishib shaharcha aholisi xavfdan boxabar qilishgan va uzoqda joylashgan boshqa qalʼalarga ham xabar berishgan. Dehibaland qishlogʻida 3 ta chashma bor. Bu qalʼa ham mudofaa ham suvga egalik qilish uchun qurilgan. Hozirgi kunda qalʼaning mudofaa devorlari qolmagan. Faqatgina qishloqqa kirish joyidagi asosiy qismi qolgan xolos. Maydoni 1700 kv.mga teng.
Shohimardon masjidi
(G‘ozg‘on shahri)
Shohimardon tarixiy yodgorligi G‘ozg‘on shahridagi eng qadimiy tarixiy maskanlaridan biri bo`lib, Shayxon mahallasida joylashgan. Uning asli (qadimgi tuzilishi) mashhur olim arxitektor Ahmadjon Muxtorov va o`zbek arxitektori, professor Dodo Nozilovning aytishicha, XV-XVI asrlarga taalluqlidir. Bu arxitektura ansamblining qimmatliligi shundaki, bu yerda Muhammad alayhissalomning amakivachchasi va kuyovi Hazrati Ali ibn Abu Tolibning maqbarasi ham mavjud. O`rta Osiyo arxitekturasining noyob namunalaridan biri bo`lgan bu nodir bino marmar toshdan qurilgan. Bu mahobatli va mo`jizakor maskan 1904-1908 yillarda Buxoro amiri Abdulahadxon va uning o`g`li amir Said Olimxon va onasi tomonidan qayta ta’mirlangan. Masjidni ta’mirlashda g`ozg`onlik usta sangtaroshlar usta va muhandis Abdurahim Turdiyev, usta Umar, usta Rustam, usta Safar, usta Hayitmurod, usta Bobomurodlar marmarga sayqal berib, uni bezaganlar. Masjid ta’miriga asosan Abdurahim Turdiyev boshchilik qilgan.
Mirzachorbog‘ xonqarorgohi
(Karmana tumani)
Buxoroning so‘nggi amiri Sayid Olimxonning otasi Sayid Abdulahadxon 1894-yildan vafotiga qadar amirlikni Karmanadan turib boshqargani haqida ma'lumotlar bor. Shu davrda u Karmana atrofida Charmgarchorbog‘, Gulchorbog‘, Bog‘i olchin, Jarchorbog‘ kabi bir nechta chorbog‘lar qurdirgan. Shulardan bugungacha faqat bittasi saqlanib qolgan. Bu – Karmana tumanining Ko‘hnaqo‘rg‘on mahallasida, Zarafshon daryosiga yaqin hududda joylashgan Mirzachorbog‘. Mazkur obida Sayid Abdulahadxonning yozgi qarorgohi hisoblangan. 1900-1905-yillarda barpo etilgan, betakror me'moriy uslubga ega ushbu saroy nafaqat tarixiyligi, balki naqqoshlik, ganchkorlik, yog‘och o‘ymakorligi san'atining o‘sha davrga xos namunalari aks etgani bilan qimmatlidir. Mirzachorbog‘ning qurilishida me'mor Abdurahim Turdimurod o‘g‘li G‘azg‘oniy bosh-qosh bo‘lgan va o‘sha davrning nomdor ganchkor ustasi Shirin Murodov ham ishtirok etgan.
Jaraquduq “Tosh o‘rmoni”
(Uchquduq tumani)
Uchquduq tumani Mingbuloq ovulidan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan “Jiraquduq” (o‘zbek tilida “jira” – “jilg‘a” ma’nosini bildiradi) darasidagi bundan 95-100 million yil avval mavjud bo‘lgan “Tosh o‘rmon” deb ataluvchi noyob geologik, poleontologik, tarixiy va tabiiy obyekt dunyo olimlarini hamon o‘ziga jalb qilmoqda.
O‘ttiz million gektar maydonni egallagan Qizilqum kengliklari o‘rnida bundan bir necha million yillar avval Tetis okeani mavjlanib turgan degan taxminlar mavjud. Negaki, hozir ham Mingbuloq ovuli atrofida tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, hatto o‘rdakburun dinozavrning toshga aylangan suyaklarini uchratish mumkin. Haqiqatdan ham Jiraquduq darasi va uning atrofida bo‘lgan kishi tarixiy tabiiy manzarani – tosh qotgan chig‘anoqlar, akula tishlari va suyaklari, daraxt tanalari, hattoki, o‘rdak burun dinozavrning toshga aylangan boldir suyaklarini ham ko‘rishi mumkin. Bularning barchasi Qizilqum hududi qachonlardir okeanning bir bo‘lagi bo‘lgan degan taxminga mos. Qolaversa, “Boxantau” darasidagi qoyatoshlarga bitilgan rasmlar, “Jiraquduq” darasidagi toshga aylangan daraxtlar, tosh qotgan o‘rdakburun dinozavrlari boldir suyaklari, akula tishlari ham moziydan sado berib turibdi.
Navoiy viloyatidagi tarixiy obidalar to'g'risida barcha ma'lumotlarni olish uchun quyidagi fayllarni yuklab oling-fayl1, fayl2