- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan viloyat hokimi Normat Tursunovning bayram tabrigi
Assalomu alaykum, muhtarama onaxonlar! Munis opa-singillar! Dilbar qizlarim!
Avvalo, siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun viloyatimiz xotin-qizlarini
8-mart bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.
Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
Biz bu qutlug‘ bayramni doimo orziqib, katta quvonch va hayajon bilan kutamiz. Chunki bu shukuhli ayyom yurtimizga yasharish va yangilanish faslini – fasli navbahorni boshlab keladi.
Bu bayram dilimizdagi siz azizlarga bo‘lgan samimiy hurmat va ehtiromimizni, mehru muhabbatimizni yana bir bor ifoda etishga imkon beradi.
Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik, mehr va sadoqat timsoli deb bilamiz.
Avvalo, oilangiz va yaqinlaringiz baxtiga, qolaversa, ayol qadrini e’zozlab yashaydigan el-yurtimiz baxtiga sog‘-omon bo‘lishingizni, doimo mana shunday go‘zal bahoriy kayfiyatda yurishingizni tilayman.
Qadrli opa-singillar!
Erkin va farovon mamlakatizini yuksaltirishda xotin-qizlarimiz o‘rni, ularning beqiyos hissasi albatta yuksak e’tirofga loyiq.
Bu borada ayrim raqamlarni keltirib o‘tishga ruxsat bergaysiz.
Hozirgi vaqtda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyot sohasida – 82 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 41 foizni tashkil etmoqda.
Agar 2021-yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 11 foiz bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan 3 yil davomida boshqaruvdagi ayollar soni qariyb bir barobarga oshdi.
Viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlarida o‘rta bo‘g‘indagi boshqaruvda har to‘rtta rahbarning bittasi va yuqori bo‘g‘indagi boshqaruvda har beshta rahbarning bittasini xotin-qizlar tashkil qilayotganligi xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi faolligi jadallik bilan oldimlab borayotganligining yaqqol dalilidir.
Bilimli, tashabbuskor va faol ayollarimizning 400 nafari yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Xususan, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining 92 nafari yoki 39 foizi xotin-qizlar ekanini alohida ta’kidlash lozim.
Davlatimiz Rahbarining kuni kecha qabul qilingan Farmoni bilan 7 nafar viloyatimiz xotin-qizlari turli darajadagi davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Masalan, tomdilik Zamira Djakeyeva “Do‘stlik” ordeni bilan, navbahorlik Mamlakat Ismoilova, nurotalik Shohista To‘ychiyeva, Uchquduqlik Manzura Nuriddinovalar “Shuhrat” medali bilan, uchququdlik yana bir qizimiz Malika Xudoyberdiyeva “Kelajak bunyodkori” medali bilan, Mohira Eshpo‘latova va Meruyert Omonboyeva kabi zukko qizlarimiz esa Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldilar.
Davlat va jamiyat oldidagi munosib xizmatlari uchun mukofotlangan jonkuyar opa-singillarimizni yana bir bor muborakbod etib, ularning kelgusidagi faoliyatiga ulkan zafarlar tilayman.
Hurmatli opa-singillar!
Xabaringizkim, xotin-qizlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning ijtimoiy muammolarini hal etish masalalari davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bu yo‘nalishda birgina 2023-yilda amalga oshirilgan dasturlar orqali viloyatdagi 40 mingdan ortiq xotin-qizlarining ijtimoiy, iqtisodiy hayotini yaxshilashga erishildi.
Eng asosiy tarmoqlardan biri hisoblangan xotin-qizlarni bandligini ta’minlash, ularni daromad topishga o‘rgatish sohasida ulkan natijalarga erishildi.
2023-yilda qariyb 30 ming nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.
Masalan, 7,3 ming nafari doimiy ishga joylashtirildi, 10,8 ming nafariga imtiyozli kredit ajratib berildi, 1,8 ming nafariga subsidiyalar ajratish orqali bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 10 ming nafari turli kasb va hunar egalariga aylandi.
Tadbirkorlik sohasida yaratilgan imtiyozlar asosida 2023-yilning o‘zida 1610 ta yangidan tadbirkorlik sub’yektlari tashkil qilindi, eksportyor ayollarimiz soni esa 22 taga ortdi.
Bu toifa xotin-qizlarimiz viloyatimizning iqtisodiy salohiyatini yaxshilashga xizmat qilmoqda desam har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.
So‘nggi yillarda “Ayollar daftari” doirasida ham katta tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Birgina shu tizim orqali o‘tgan yillar davomida 78 mingdan ortiq xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari davlat tomonidan hal etilganligi bu boradagi ishlarimiz ko‘lamidan dalolat beradi.
2023-yilning o‘zida joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar va ijtimoiy daftarlar doirasida qariyb 45 ming ta oilaga 48,2 mlrd. so‘mlik davlat ko‘magi ko‘rsatilgan.
Shu o‘rinda qiyyosiy ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ehtiyojmand oilalarga 2023-yilda ko‘rsatilgan davlat ijtimoiy yordamlarining hajmi o‘tgan ikki yillik ijtimoiy yordamlar hajmidan 1,1 barobar ko‘proqni tashkil qiladi.
Bundan tashqari, aholi muammolarini joylarga chiqib o‘rganish va hal etishga qaratilgan chora-tadbirlar asosida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi orqali qariyb 15 mingta oilaga 25,5 mlrd. so‘mlik davlat ko‘magi yo‘naltirilgan.
Jarrohlikning og‘ir turlari bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan amaliyoti uchun 22 nafar fuqarolarga 1,6 mlrd. so‘m mablag‘lar ajratib berilgan.
Xotin-qizlar va ehtiyojmand oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida 2,2 mlrd. so‘m mablag‘lar sarflanib, 500 dan ortiq oilaning bu boradagi muammolari bartaraf etilgan.
Masalan, 276 nafar xotin-qizlarning bir yillik ijara kompensatsiya to‘lab berilgan, Shuningdek, ehtiyojmand bo‘lgan 252 nafar xotin-qizlarning uy-joylarida qariyb 2,0 mlrd. so‘mlik ta’mirlash ishlari davlat tomonidan amalga oshirilgan.
Bevosita viloyat va tuman-shahar hokimlari tomnidan 213 ta oilaning uy-joy ta’miriga oid murojaatlari ijobiy qanoatlantirilib, ushbu maqsadlar uchun 1,7 mlrd. so‘m mablag‘ sarflangan.
Ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar ajratishning maqsadli ko‘rsatkichlariga asosan 2023-yilda 313 nafar xotin-qizlar o‘zlarining uy-joylariga ega bo‘lganligi ham albatta quvonarli holdir.
Mana shunday ezgu ishlarimiz orqali qancha xonadonlarga quvonch va shodlik kirgani, qancha-qancha odamlarning hayot darajasi va sifati tubdan o‘zgargani, minglab ayollarimizning ruhi ko‘tarilib, ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlangani biz uchun eng muhim natijadir.
Yurtimizda xotin-qizlarning sifatli ta’lim va tarbiya olishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mutafakkir jadid bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir”.
Navoiy viloyatida oliy ta’limga qamralgan 29 ming 686 nafar talaba yoshlarning 58,5 foizini xotin-qizlar tashkil qiladi. Bu albatta, xotin-qizlarning ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligidan yaqqol dalolat beradi.
Uch yildan buyon har yili 150 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi talaba qizlar uchun o‘rtacha 1,0 mlrd. so‘mlik kontrakt pullari davlat byudjetidan to‘lab berilmoqda.
Bundan tashqari, birgina 2023-yilning o‘zida 902 nafar talaba qizlarga qariyb 7,0 mlrd. so‘m miqdorida foizsiz kreditlar ajratib berildi.
Xotin-qizlarning ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2,7 ming nafar ehtiyojmand oila vakillariga hamda 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan qariyb 500 nafar xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berilgan.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda yechimini kutayotgan muammolar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, zarur mablag‘ va imkoniyatlarni topib amalga oshirayotgan bunday sa’y-harakatlarimiz albatta o‘z natijasini beradi.
Oliygohlarda tahsil olayotgan xotin-qizlarimiz orasidan ilm-fan, siyosat va jamoat arboblari, mashhur madaniyat va san’at, sport namoyandalari yetishib chiqadi, deb ishonaman.
Aziz opa-singillar!
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan, ana shunday sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan rahbar va faol ayollarimiz, tashabbuskor va fidoyi opa-singillarimiz bilan 2024 yilda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim dasturlar bilan tanishtirib o‘tmoqchiman.
2024-yilda “Ayollar daftari” tizimi asosida 30 ming nafar xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari bartaraf etiladi.
29 ming nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanadi, ularning 11 ming nafari doimiy ishga joylashtiriladi. 2 mingdan ortiq xotin-qizlarning tadbirkorligi yo‘lga qo‘yiladi.
Tajriba sinov tariqasida Xatirchi tumanida uy-tekstili ishlab chiqarish xo‘jaliklari tashkil qilinadi, ushbu amaliyot to‘liq davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi;
Eskportyor ayollar soni ikki barobarga oshiriladi, 2024-yil yakuniga qadar ularning sonini 100 taga yetkazish choralari ko‘riladi.
Ehtiyojmand oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash masalalariga ustuvor vazifa sifatida qaralib, 500 nafar xotin-qizlarning uy-joylari davlat tomonidan bepul ta’mirlab beriladi, 1000 dan ortiq xotin-qizlarga subsidiya asosida uy-joy xarid qilish imkoniyati yaratiladi.
2024-yilda 15 mingdan ortiq nuroniy onaxonlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Rahbar ayollar ulushi 19 foizga oshirilib, ularning soni yuqori boshqaruvda 60 nafarga, o‘rta boshqaruvda 400 nafarga yetkaziladi.
Qadrli opa-singillar!
Shu o‘rinda ko‘nglimdagi bir ezgu fikrni siz, azizlarga aytishni joiz deb bilaman.
Biz qanday dasturlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni amalga oshirmaylik, ularda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi.
Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi.
Aziz va qadrli yurtdoshlar!
Bizga cheksiz kuch va madad beradigan muhtarama onalarimiz, aziz opa-singillarimiz bor ekan, ko‘zlagan ulug‘ maqsadlarimizga albatta yetamiz.
Sizlarga, butun viloyatimiz ayollariga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ bayramingiz muborak bo‘lsin!