Navoiy viloyati hokimi–harbiy-ma’muriy sektor rahbari Normat Tursunovning O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar Birlashmasi Navoiy viloyati bo‘limida o‘tkazilgan tantanali marosimdagi MA’RUZASI

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar! Qadrli jangchi-faxriylar! Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bugun butun  dunyoda odamlar urushga o‘tmishdagi voqealik deb emas, bugunning realligi sifatida qaramoqda. Ammo bu so‘zning asl mohiyatini faqatgina urushni ko‘rganlar, jang maydonida bo‘lganlargina qalban tushunadi. Chunki, ular urush dahshatini o‘z tanalarida his qilishgan.

Bugun ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari oramizda juda kam qoldi. Lekin 1979-1989 yillarda Afg‘onistonda sodir bo‘lgan qurolli harakatlarda ishtirok etgan jangchilar og‘ir urush xotiralari bilan yashab kelishayapti. O‘sha mash’um janglarda 64,5 mingdan ortiq o‘zbekistonlik yigit-qizlar ishtirok etdi. Ulardan 1515 nafari qurolli to‘qnashuvlarda halok bo‘ldi. 3067 nafari uylariga nogiron bo‘lib qaytdi.

Birgina, bizning Navoiy viloyatimizdan 1685 nafar askar janglarda ishtirok etgan. Hozirgi kunda ularning 1235 nafari viloyatimizning turli hududlarida yashab kelishmoqda. Bu insonlardan 447 nafari 1- va 2-guruh nogironlari. Mash’um qurolli to‘qnashuvlarda viloyatimizning 35 nafar jasur o‘g‘loni halok bo‘lgan.

Ular o‘z davrida mavjud tuzumning, davlatning buyrug‘ini bajargan va Vatan oldidagi burchini ado etish uchun hatto o‘limga tik borgan 18-19 yoshli yigit qizlar-urush odamlari edi. Va bu insonlarning xotirasida Afg‘on urushi qonli iz qoldirgani rost.

O‘zbekistondagi “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar (baynalminalchilar) Birlashmasi ana shu harbiy jangchi-faxriylardan tashkil topgan bo‘lib, 30 yil davomida shakllanib, oyoqqa turdi. Mamlakatimizning nodavlat notijorat tashkilotlari orasida o‘z munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Hozirda Birlashma o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, maktabgacha va maktab ta’limi va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shu bilan birga, O‘zbekiston Kasaba Uyushmalari Federatsiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Kengashi, mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Nuroniy”, “Mahalla”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armalari va boshqa bir qator nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib bormoqda. Birlashmaning faol pozitsiyasi nafaqat O‘zbekistonda, balki chet ellarda ham e’tirof etildi. 

Qadrli faxriylarimiz! 

Hozirgi kunda jangchi-faxriylarimiz mamlakatimizda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda faol ishtirok etib, iqtisodiyotning barcha sohalarida, davlat va jamoat tashkilotlarida, Vatanimiz mustaqilligini, xavfsizligini muhofaza qiluvchi organlarda fidokorona mehnat qilmoqdalar. Ularning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi hissasi ham nihoyatda kattadir.

Ayniqsa viloyatning “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar Birlashmasi bo‘limi tarkibida faoliyat yuritayotgan Uralov Mamasoli Rabbimovich (O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasi Navoiy viloyati bo‘limi raisi va mazkur birlashmaning moliyaviy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha mas’ul xodimi Raxmonov Sobirjon Radjabovich boshchiligida viloyatning tuman va shaharlaridagi bo‘linmalar raislari Suvonov O‘lug‘bek Yarashovich (Navoiy shahar “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Yefimov Nikolay Aleksandrovich (Zarafshon shahar “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Erboyev Baxriddin Yuldoshevich (Konimex tumani“VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Odilov Abduxoliq Ummatovich (Qiziltepa tumani “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Abduraximov Abduqaimjon Muxammadiyevich (Navbahor tumani “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Ibrohimov Ne’mat Qulmonovich (Nurota tumani “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), To‘lekov Setxazi Nurgaliyevich ( Uchquduq tuman“VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Musayev Ulug‘bek Yusupovich (Karmana tumani “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi), Ochilov Qosim Norqulovich (Xatirchi tumani “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar bo‘linmasi raisi) ishtirokida joylarda ibratli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, viloyat miqyosida va tuman shaharlar miqyosida olib borilayotgan “Yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash” bo‘yicha o‘tkazilib kelayotgan barcha tadbirlarda o‘zining qimmatli vaqtini ayamasdan doimiy ravishda qatnashib kelayotgan “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlar viloyat Birlashmasi a’zolari borki, ular Ashurov Mirzo Xudoynazarovich, Karimov Abbos, Suyarov Shamsiddin Norqulovich, Ro‘ziyev O‘tkir Xo‘jaqulovich, Abriyev Abdurayim, Abidov Sharif Raufovich, Hotamov Yusuf Eshmurodovich, Mamatov Shokir Norqulovichlarning ibratlari tahsinga loyiqdir.

Aziz faxriylar! Hurmatli sobiq jangchilar! 

Vatanni himoya qilish, tinchligini asrash er yigitning muqaddas burchi. Shuning uchun yigit kishi borki, harbiy xizmatga borishni o‘ziga sharaf deb biladi. 18-19 yoshingizda Afg‘oniston zaminida yigitlik burchini o‘tash sizning taqdiringizda bor ekan. Bu urush tufayli ham qanchadan-qancha oilalarimizda ona faryodi olamni qopladi, otalarning qaddi bukildi. Aksariyat yigitlarimiz o‘sha janglardan nogiron bo‘lib qaytdi. Uyiga sog‘-omon kelgan sobiq jangchilar davlatimiz e’tiboridan chetda qolgan emas va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Sizlarning mardligingiz farzandlarimiz, kelajak avlod, barcha yoshlar qalbida ona Vatanimizga, istiqlol g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otishiga ishonamiz.

Ko‘rgan-kechirganingiz ortda qolgani rost bo‘lsin. Yurtimizda tinchlik-xotirjamlik abadiy bo‘lsin! Mamlakatmiz rahbari, muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan odil siyosatning, islohotlarning oldingi saflarida bo‘lishdek sharafli ishlaringizda omad tilayman sizlarga! 

Barchangizga oilaviy baxt, faoliyatingizda ulkan zafarlar yor bo‘lsin!

 

Ijtimoiy tarmoqlar: