- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Qadrli vatandoshlar, hurmatli navoiyliklar!
Siz aziz, ko‘p millatli xalqimizni, kirib kelayotgan Yangi yil bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
2023-yilda tinimsiz mehnat va izlanishlar bilan taraqqiyot yo‘lida ko‘plab muhim marralarga erishdik. Inson qadrini ulug‘lash, xalqimizni rozi qilish borasida yangi qadamlar qo‘ydik.
Darhaqiqat, yutuqlarga boy bo‘lgan ushbu yilda viloyatimizda ham har bir soha bo‘yicha ulkan natijalarga erishilib, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, aholi hayot darajasini yaxshilash va yurt farovonligi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Mard va oliyjanob xalqimizning matonati, fidokorona mehnati tufayli barcha sohalarda katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik.
Iqtisodiyotimizning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirishga harakat kilayapmiz. Yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi korxonalar ishga tushirilmokda. Zamonaviy uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘cha va maktablar, shifoxonalar, madaniyat hamda san’at, sport maskanlarini barpo etildi.
Mirishkor dehqon va fermerlarimiz barcha qiyinchiliklarni mardona yengib, mo‘l hosil yetishtirdilar. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar ochildi. Yil davomida aholi, ayniqsa, viloyatimiz yoshlari va xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratildi. Natijada, aholi daromadlari va hayot darajasi oshmoqda.
Yoshlarimiz xalqaro maydonlarda iste’dod va mahoratini namoyon etib, Vatanimizni dunyoga tanitmoqda. Xalq ovozi bo‘lgan mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta’siri kuchaymoqda.
Eng muhimi, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, millatlar va dinlararo totuvlik hukm surmoqda.
Shu qutlug‘ ayyomda erishgan barcha yutuqlarimizning bunyodkori bo‘lgan siz, aziz yurtdoshlarimizga, butun xalqimizga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
Yangi 2024-yilda ham insonni qadrlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlarimizni yuqori bosqichda davom ettiramiz.
Farzandlarimiz sifatli ta’lim va tarbiya olib, barkamol shaxs bo‘lishlari uchun boshlagan ishlar izchil davom ettiriladi.
Dono faxriylarimiz, aziz ayollarimiz, shuningdek, yordamga muhtoj insonlar uchun munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ilm-fan, tibbiyot, madaniyat va san’at sohalari vakillarini, o‘qituvchi va murabbiylarni qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi.
Muxtasar kilib aytganda, jonajon Vatanimizda hech bir inson jamiyatimiz va davlatimizning mehri va e’tiboridan chetda qolmaydi. Buning uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Aziz qadrdonlarim!
Shu go‘zal oqshomda barchamizning niyatimiz, tilagimiz bitta, yurtimizda yashayotgan har bir oila, har bir inson murod-maqsadiga yetsin!
Jonajon O‘zbekistonimiz gullab yashnasin, dunyomiz tinch bo‘lsin! 2024-yil ona diyorimizga fayzu baraka, yangi yutuq va zafarlar olib kelsin!
Sizlarni kirib kelayotgan Yangi - 2024-yil bilan chin yurakdan samimiy muborakbod etaman.
Yurtimiz osmoni har doim musaffo, xalqimiz turmushi hamisha farovon, tinchligimiz abadiy barqaror bo‘lsin!
Yangi yilingiz muborak bo‘lsin, azizlar!