- LOTIN-КИРИЛЛ
-
-
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Ishonch telefoni (79) 220-10-20
Navoiy viloyati - O‘zbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1982-yil 20-aprelda Buxoro va qisman Samarqand viloyatlari hududlaridan tashkil etilgan. 1988-yilda ma’muriy birlik sifatida tugatilib, 1992-yil boshida qayta tiklandi. Shimol va shimoliy-sharqdan Qozog‘iston, janubiy sharqdan Jizzax, Samarqand, janubdan Qashqadaryo, janubiy-g‘arbdan Buxoro viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 111,0 ming km2.
Navoiy viloyatining tuman va shaharlari qo'yidagi yillarda tashkil etilgan.
Konimex tumani – 1925-yil
Karmana tumani – 1926-yil
Xatirchi tumani – 1926-yil
Nurota tumani – 1926-yil
Tomdi tumani – 1927-yil
Qiziltepa tumani – 1935-yil
Navoiy shahri – 1958-yil
Zarafshon shahri – 1965- yil
Navbahor tumani – 1980-yil
Uchquduq tumani – 1982-yil
Gʻozg‘on shahri – 2019-yil.
Navoiy viloyati yosh hudud bo‘lishiga qaramasdan, uning tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.
Jumladan, Qizilqum sahrosi bag‘ridagi qadimiyligi yuz million yilga teng bo‘lgan “Jaraquduq tosho‘rmoni” tabiat yodgorliklari yoki qadim ajdodlarimiz tomonidan ilk mehnat qurollari tayyorlangan dunyodagi 4 manzildan biri bo‘lgan “Uchtut chaqmoqtosh ustaxonalari” neolit davri madaniyat yodgorliklari bugungi kunda keng jamoatchilikga ma’lumu manzur bo‘lmoqda.
Ushbu noyob yodgorliklarni asrash va ulardan samarali foydalanish maqsadida o‘tgan davr mobaynida viloyat hokimligi va tegishli tashkilotlar tomonidan samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Masalan, “Sarmishsoy” darasidagi madaniy meroslar negizida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 443-sonli qaroriga asosan “Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi tashkil etildi.
O‘tgan 2023-yil davomida Madaniy meros agentligi tomonidan muzey-qo‘riqxona infratuzilmasi tizimini yaratish hamda sayyohlik uchun dunyo standartlari talabiga asosan 14 kilometr tog‘ yo‘li qurild va ramziy darvoza, xodimlar uchun xizmat xonalari, sayyohlar qulay harakatlanishi uchun yo‘laklar, soy ustiga ko‘priklar, hudud elektrlashtirilib, dam olish ayvonlari qurilib sayyohlar uchun muzey-qo‘riqxona tayyor holga keltirildi.
Qoyatosh suratlarining tarixini ilmiy o‘rganish maqsadida Arxeologiya ilmiy tadqiqot instituti hamda Buyuk ipak yo‘li xalqaro turizm universitetlari ilmiy jamoasi bilan doimiy hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Xalqaro konfrensiyalarda ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etib kelmoqdalar.
Shuningdek, Jaraquduq tosho‘rmoni tabiat yodgorliklarini asrash va muhofaza qilish maqsadida 3D panjaralar, hamda tungi yoritish vositalari o‘rnatildi.
Ma’lumki, Sentobsoy soy sohili va darasida qadim zamonlardan shakllangan o‘ziga xos madaniyatlar, milliy uslubda bunyod etilgan qo‘rg‘onlar, aholi yashash manzilgohlari, chorvachilik va dehqonchilik madaniyatlari tarixi asrlar osha asl holida saqlanib kelinmoqda.
Betakror tabiati va madaniyat yodgorliklari etirof etilib, Sentobga turizm qishlog‘i maqomi berilgan.
2023-yilning sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan xalqaro simpoziumda UNWTO xalqaro tashkiloti tomonidan “Sentobsoy” xalqaro turizm qishlog‘i maqomining berilishi viloyatimizning tabiati va madaniyat yodgorliklarini nihoyatda qadimiy va noyob ekanligidan darak beradi.
Hozirgi kunda ushbu jannatmakon turizm qishlog‘iga dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan xorijiy sayyohlar oqimi kun sayin ortib bormoqda. Ushbu maskanda sayyohlik avtotransportlari uchun tog‘ yo‘li sozlandi, soy bo‘ylab ko‘priklar, qo’rg‘on tepaliklariga zinalar, selfi maydonchalari qurildi hamda aloqa vositalari o‘rnatildi, o‘ndan ortiq mehmon uylari tashkil etildi, qishloq hududiga kirish qismida ramziy darvoza o‘rnatildi
Prezidentimizning 2019-yil 12-13 mart kunlari Navoiy viloyatiga tashriflari chog’ida “Buyuk Ipak Yo‘li”ning Zarafshon-Qoraqum qismida joylashgan “Qosim-Shayx”, “Mirsaid Bahrom”, “Raboti-Malik”, “Sardoba”, “Mavlono Orif Deggaroniy” madaniy meros obyektlarini YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritish vazifasi topshirilgan edi. Shunga ko‘ra, mazkur obyektlar Arriod shahrida o‘tkazilgan 45-sessiyasida YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi.
Ushbu madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish maqsadida madaniy meros agentligi tomonidan tegishli chora tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Mazkur madaniy meros ob’yektlari hududidagi masjid, daxma va xujralar ta’mirlanib, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek Qosim Shayx majmuasi yodgorliklari negizida Qosim Shayx majmua muzeyi faoliyat yuritmoqda.
Viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi1992-yil 30-yanvarda viloyat tarixiy-o‘lkashunoslik muzeyi nomi bilan Navoiy viloyati hokimligining 12/284-sonli qarori asosida tashkil etilgan va 2017-yil 15-dekabrdagi 429-sonli qaror asosida Navoiy viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi nomi bilan qayta tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda muzeyning 4 ta filiali mavjud bo‘lib, filiallar fondi bilan jami 26166 ta eksponatlar mavjud.
Viloyat muzeyining “Qosim Shayx” majmua muzeyi filiali 2002-yil 8-aprelda qayta tashkil etilgan va hozirgi vaqtda muzey fondida 1777 eksponatlar mavjud.
“Sarmishsoy” davlat muzey-qo‘riqxonasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-maydagi 443-sonli qaroriga asosan, Navoiy viloyati hokimining 30-sentyabrdagi Q-166-sonli qarori bilan tashkil etilgan bo‘lib, ochiq osmon ostidagi muzey hisoblanib, bugungi kunda 10 mingdan ortiq qoyatosh suratlari va petrogliflar mavjud.
Nurota tumani tabiiy-me’moriy majmua muzeyi 2003-yil 12-aprelda Navoiy viloyati hokimining 179-sonli qarori asosida tashkil etilgan va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining 429-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan qayta tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi vaqtda tuman muzey fondida 4140 eksponatlar mavjud.
Qiziltepa tumani tarixi muzeyi Qiziltepa tumani hokimining 1993-yil 7-yanvardagi 7-sonli farmoyishi asosida tashkil etilgan va Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrdagi 975-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat hokimining 429-sonli qarorining 4-ilovasiga asosan qayta tashkil etilgan hamda Qiziltepa tumani hokimining, 2022-yil 27-yanvardagi 12-5-72-Q/22 sonli qarori asosida tuman o‘lkashunoslik muzeyi nomi bilan qayta tashkil etilgan. Hozirgi vaqda tuman muzey fondida 3000 ta eksponat mavjud.
Bugungi kunda viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi 2 ta binoda faoliyat olib bormoqda, 2021-yil Navoiy shahridagi sobiq “Shirin” madaniyat saroyi qayta rekonstruksiya qilinib, viloyat “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi binosiga aylantirildi, mazkur binoning birinchi qavatiga viloyat muzeyi joylashtirildi.