Savol-javob

1. Savol: Boʻlib-boʻlib toʻlash yoʻli bilan avtomashina sotib olganda, toʻlov toʻliq toʻlangandan soʻng rasmiylashtirish paytida avtomashina egasining xotini da'vo qilmasligi uchun nima qilish kerak?

Javob:
Agar avtomashina uchun toʻlovni boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olayotgan boʻlsangiz, avtomashina egasining turmush oʻrtogʻidan avtomashina uchun toʻlovni boʻlib-boʻlib amalga oshirish yoʻli bilan sotishga roziligi haqidagi notarial tartibda tasdiqlangan rozilik arizasini olish kerak.

 

2. Savol: 2021-yilda subsidiya asosida uy olganman, 20 yil muddatga kredit rasmiylashtirganman. Agar ayolim bilan ajrashsam, uy nima boʻladi?

Javob: Qonuniy nikoh davomida orttirilgan mulklar er va xotinning umumiy mulki hisoblanadi. Turmush qurgan shaxs oila uchun ipoteka kredeti olganida, ikkinchi turmush o'rtogi birgalikda qarz oluvchiga aylanadi (hatto uning ismi kredit shartnomasida boʻlmasa ham). Mulk kimga tegishli ekani muhim emas. Umumiy qoidalarga ko'ra, bu er-xotinning umumiy mulki boʻlib ikkalasi ham qarzni to'lash uchun javobgardir.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga asosan er-xotin oʻrtasida nikoh davomida umumiy orttirilgan mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli va alohida mulkka egalik qilish shartlarini belgilagan holda nikoh shartnomasi tuzish mumkin. Er-xotin ajrashgan taqdirda nikoh shartnomasiga asosan ipotekaga olingan kvartiraning kimning egalik huquqiga oʻtishini belgilash mumkin.

 

3. Savol: Ipoteka kreditiga olingan uyni sotib olmoqchiman. Ammo, ipoteka to'lovi tugaguncha uyni oldi-sotdi qilib boʻlmas ekan. Keyinchalik aldanib qolmaslik uchun sotuvchi va mening oʻrtamda qanaqadir kelishuv qilsak boʻladimi?

Javob: Ipoteka asosida olingan uy taqiqda turgan boʻlsa, uni sotib ololmaysiz. Notarius ham kredit majburiyatlari bajarilmagunga qadar yoki bank roziligisiz bitim tasdiqlab berolmaydi. Faqatgina kredit mablagʻi ajratgan bank tomonidan ipoteka shartnomasiga oʻzgartirish kiritish, qoʻshimcha shartnoma tuzish yoʻli bilan bu masala hal qilinishi mumkin.
Bank taqiq saqlangan holda uyning oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishga ruxsat berishi mumkin. Bunda, kredit shartnomasiga va ipoteka shartnomasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi. Kredit va ipoteka shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlar yangi sotib oluvchiga oʻtadi va notarius elektron ravishda ”Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yangi sotib oluvchiga tegishli boʻlgan taqiq quyadi. Yangi sotib oluvchi oʻz navbatida kvartiraga taqiq saqlangan holatda oldi-sotdi shartnomasini davlat ruyxatidan oʻtkazadi va unda mulk huquqi vujudga keladi.

 

4. Savol: Men sotib olgan avtomashinamni sotish bilan berilgan ishonchnoma orqali boshqarib yurgan edim. Ammo yaqinda avtomashina egasi vafot etdi. Ushbu holatda mening yuqoridagi ishonchnomaga asosan avtomashinani sotishga boʻlgan huquqim saqlanib qoladimi?

Javob: O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 141-moddasida ishonchnoma uni bergan fuqaroning muomalaga layoqatsiz, muomala layoqati cheklangan yoki bedarak yoʻqolgan deb hisoblanishi yoxud uning vafot etganligi munosabati bilan bekor boʻlishi belgilab qoʻyilgan. Ushbu holatlarning mavjudligini notarius elektron ravishda "Notarius" avtomatlashtirilgan tizimi orqali tekshiradi. Demak, siz avtomashinani sotish huquqiga ega emassiz.

 

5. Savol: Uy joy sotib olgan edim, uyning egasi yoʻl transport hodisasidan soʻng kar va soqov boʻlib qolgan ekan. Notariusga borsak «surdo tarjpmon kerak” deyishdi. Lekin uyning egasining savodi bor ekan, oʻqishni, yozishni bilarkan. Nima qilsak boʻladi?

Javob: Kar-soqovlik nuqsoni boʻlgan, muomala layoqatiga ega boʻlgan, biroq surdo tarjimon bilan muloqot qila olmaydigan savodli fuqaro oʻz imzosi bilan bitim, ariza yoki boshqa hujjatning mazmuni oʻzining xohish irodasiga muvofiq ekanligini notariusga yozma ravishda bildiradigan boʻlsa, notarial harakatlarni amalga oshirishda surdo tarjimonning ishtiroki shart emas. Ushbu yozishmalar bitim, ariza yoki boshqa hujjatlar bilan biriktirib qo'yiladi.

 

6. Savol: Biz uch opa-singilmiz. Hammamiz Rossiyada ishlagan paytimizda otam vafot etdi. Undan kvartira, dala hovli va mashina qoldi. Otamdan qolgan mulkni oʻrtancha singlim bizdan oldin kelib, oʻz nomiga rasmiylashtirib olibdi. Endi biz merosdan oʻzimizga tegishli qismini ololmaymizmi?

 

Javob: Fuqarolik Kodeksining 1135-moddasiga koʻra, meros qoldiruvchining bolalari birinchi navbatdagi merosxo’rlar doirasiga kiradi. Farzandlar meros qoldiruvchining meros mol-mulkiga nisbatan teng hissada merosxoʻr hisoblanadilar. Meros qonun va vasiyatnoma asosida vujudga keladi. Fuqarolik sudiga murojaat qilishdan avval notarius tomonidan meros qaysi asoslar boʻyicha berilganligini bilish kerak. Agarda otangiz tomonidan vasiyatnoma qoldirilgan boʻlsa, meros guvohnomasi vasiyatnomaga asosan berilishi mumkin. Vasiyatnoma boʻyicha meros olishda majburiy ulushga ega boʻlgan boshqa merosxoʻrlar doirasi aniqlanadi. Merosdan majburiy ulush olish huquqiga meros ochilgunga qadar meros qoldiruvchining voyaga yetmagan yoki mehnatga qobiliyatsiz bolalari, shu jumladan, farzandlikka olgan bolalari, shuningdek, mehnatga qobiliyatsiz eri (xotini) va ota-onasi, jumladan, farzandlikka olganlar, vasiyatnomaning mazmunidan qat'iy nazar, qonun boʻyicha voris boʻlganlarida ulardan har biriga tegishi lozim boʻlgan ulushning kamida yarmini (majburiy ulush) meros qilib oladilar.


7. Savol: Onam ukamga uyimizni hadya qilgan edi. Ukamning oilasi bor, ayni damda ukam oʻsha uyni jiyanimga hadya qilmoqchi. Ukam u uyni hadya sifatida rasmiylashtirishi uchun xotinining ham ruxsati kerak boʻladimi?

 

Javob: Yoʻq, ruxsati olinmaydi, lekin xotini shu uy-joyda roʻyxatda tursa, hadya shartnomasida uning foydalanish huquqi saqlanib qolishi toʻgʻrisida koʻrsatib oʻtilishi mumkin. Qonun boʻyicha er-xotinga hadya, meros boʻlib oʻtgan yoki nikoh tuzulgunga qadar tegishli mol-mulklar ularning har birining alohida mulki hisoblanadi.


8. Savol: Ona vafot etgan farzandining merosira meposxo'r boʻladimi? Oʻgʻlining voyaga yetgan ikki nafar farzandi bor. Onasi oʻgʻlining farzandlari bilan teng huquqli merosxoʻrmi?

 

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 1135-moddasiga koʻra, qonun boʻyicha birinchi navbatdagi merosxoʻrlar meros qoldiruvchining bolalari (shu jumladan, farzandlikka olingan bolalari), eri (xotini) va ota-onasi (farzandlikka oluvchilar) teng ulushlarda qonun boʻyicha birinchi navbatdagi vorislik huquqiga ega boʻladilar. Meros qoldiruvchining vafotidan keyin tugʻilgan bolalari ham birinchi navbatdagi vorislar jumlasiga kiradilar.


9. Savol: 2021-yilda otamning vafotidan soʻng, men onam bilan otamdan qolgan uyni akamning nomiga rasmiylashtirishga kelishdik va men notariusga borib, merosdan voz kechib, arizani imzoladim. Hozirda kelishmovchilik sabab arizamni bekor qilmoqchiman, tartibi qanday?

 

Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 1147-moddasiga asosan, merosdan voz kechish merosxoʻr tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas, deb belgilangan. Ushbu qonunning 1148-moddasiga binoan merosdan izohlar yoki shartlar qoʻyib voz kechish mumkin emas. Merosdan voz kechish arizasini bekor qilish da'vo arizasi bilan fuqarolik sudiga murojaat etasiz.


10. Savol: Dadamning nomidagi avtomashinani sotmoqchimiz, dadam bilan onamning nikohlari qonuniy rasmiylashtirilmagan. Notariusga dadamning yolgʻiz oʻzi borsa boʻladimi? Yoki FXDYodan uylanmagan degan ma'lumotnoma kerakmi?

 

Javob: Otangiz notariusga murojaat qilganda, notarius “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ma'lumot oladi.

 

11. Savol: Nomimdagi uy-joyimni vasiyat qilib qoldirmoqchiman. Lekin, vasiyat qilib qoldirmoqchi bo‘lgan uy-joyimning kadastr hujjatlari eski bo‘lib, uy-joyning menga tegishli egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Shu holatda ham ushbu uy-joyimni vasiyatnoma qilib qoldirishim mumkinmi?


Javob:
Siz o‘zingiz xohlagan notariusga shaxsingizni tasdiqlovchi hujjat bilan vasiyatnomani rasmiylashtirish uchun murojaat qilishingiz mumkin, notarius vasiyat qilayotgan mulkingizni kadastr hujjatlarini talab qilmaydi.

 

12. Savol: Binoni garovga qo‘yib, kredit olgandim, uni to‘lab bo‘ldim. Endi garovdan chiqarish xarajati qancha?


Javob:
2020-yil 6-yanvardagi "Davlat boji to‘g‘risida"gi qonuniga asosan garovga quyilgan mulkni taqiqdan chiqarish davlat bojidan ozod etilgan.

 

13. Savol: Hozirda o‘zim chet davlatda, xizmat safaridaman. O‘zbekistonga hali qaytib bora olmayman. O‘zimga tegishli oylik ish haqimni turmush o‘rtog‘im olishi uchun ishonchnoma yuborishim kerakligini aytishyapti. Ishonchnomani qayerdan olsam bo‘ladi?


Javob:
Ishonchnomani siz yashab turgan chet davlatdagi konsul yoki o‘sha davlatdagi notarius orqali ham rasmiylashtirishingiz mumkin.


14. Savol: Farzandim joriy yilda NDPIga to‘lov kantrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Shartnomada ko‘rsatilgan summani to‘ladik. "Kontrakt"dan 12% daromad solig‘ini qaytarib olish bo‘yicha ma’lumot bersangiz? (Murojaatchi Madina Baratova, Karmana tumani) 


Javob:

"Kontrakt"dan 12% daromad solig‘ini qaytarib olish bo‘yicha videoqo‘llanma https://t.me/navoiuz_official/63376


15. Savol: 
Agar tasdiqlangan biror shartnoma yo‘qolib qolgan taqdirda fuqaro qanday yo‘l tutishi kerak. Umuman olganda notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlaridan ko‘chirmalarni berish tartibi haqida gapirib o‘tsangiz?


Javob:

Notariuslar jismoniy yoki yuridik shaxslarga ularning yozma arizasiga muvofiq hamda sud, prokuratura, tergov organlarining qaror yoki ajrim shaklida yoxud prosessual qonunlarda belgilangan boshqa tartibda rasmiylashtirilgan talabnomalariga asosan reystrlardan ko‘chirmalar (sud, prokuratura, tergov organlariga reystrdan ko‘chirmaning nusxasi) beradi.

Notarius tomonidan tasdiqlangan yoki berilgan, nusxalari notarial idoraning yig‘majildlarida saqlanayotgan hujjatlar yo‘qolgan taqdirda nomidan yoxud topshirig‘iga binoan notarial harakatlar bajarilgan jismoniy va yuridik shaxslarning yoki ular qonuniy vakillarining yozma arizasiga ko‘ra yo‘qolgan hujjatlarning dublikatlari beriladi.


16. Savol: 
Ko‘chmas mulkni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish tartibiga kiritilgan o‘zgarishlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?


Javob:

Endilikda ko‘chmas mulkni oldi-sotdi, ayirboshlash va hadya qilish bo‘yicha bitimni notarial tasdiqlash uchun kerak hujjatlar - ko‘chmas mulkning kadastr pasporti (ilgari ko‘chmas mulkka egalik huquqini tasdiqlovchi hujjat bilan birgalikda ko‘chmas mulkning kadastr yig‘majildi);

agar ko‘chmas mulkning qurilishi tugallanmagan bo‘lsa — yer uchastkasiga hamda qurilishi tugallanmagan ob’yektga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ko‘chmas mulk ob’yektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat restiridan ko‘chirma (ilgari mahalliy davlat hokimiyati organining qarori va yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) taqdim etiladi.

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni notarial tasdiqlash taraflarning o‘z xohishiga ko‘ra amalga oshiriladi hamda majburiy tusga ega emas.

Qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan bino va inshootlarni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi.

Ya’ni, endilikda qurilish organi hamda vakolatli tashkilotlar tomonidan kelishilgan dalolatnoma kelib tushishi bilan bir kunlik muddatda davlat kadastr korxonasi filiali ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi hamda QR-kodli dalolatnoma va kadastrdan ko‘chirmani Davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboradi.

Davlat xizmatlari markazi ularni ariza beruvchiga bir soat ichida qog‘oz yoki elektron ko‘rinishda yetkazishi shart. Bunda QR-kodli yelektron hujjatlar asli bilan bir xil kuchga ega


17. Savol: 
Tanishim uyini sotmoqchi edi. Hujjatlarni rasmiylashtirish uchun notariusga borganida, uy ta’qiqda ekanligini aytishdi. Qonunchilikda ko‘chmas mulkga ta’qiq qo‘yish tartibi haqida tushuntirib bersangiz.


Javob:

Qonun hujjatlarida belgilangan hollarda, shuningdek, banklar hamda boshqa kredit va tegishli tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga uy, kvartira, uy yoki kvartiraning bir qismi va boshqa ko‘chmas mulk sotib olish yoki qayta ta’mirlash va boshqa maqsadlarda berilgan qarzlarning qaytarilishini ta’minlash uchun ko‘chmas mulk garovga qo‘yilgan bo‘lsa, garov shartnomalarini tasdiqlash vaqtida mazkur ko‘chmas mulk joylashgan hududdagi davlat notariusi ko‘chmas mulkka nisbatan ta’qiq qo‘yadi va bu haqida “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasi hududiy bo‘linmasiga xabarnoma yuboradi.

Ko‘chmas mulkka nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatga notarius tomonidan ta’qiq qo‘yilgani haqida belgi qo‘yiladi va ta’qiqlar hisobini olib borilishi belgilangan davlat notarial idorasiga ma’lumot yuboriladi.

Mol-mulkka ta’qiq qo‘yish quyidagi tashkilot yoki organlar tomonidan amalga oshiriladi:

- sud tergov, prokuratura organlari,

- sud ijrochilari,

- davlat notarial idorasi notariuslari.


Savolga Navoiy shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius
Kamola Hamidova javob berdi.

 

 

Ijtimoiy tarmoqlar: